ZAMONAVIY MAKTAB BINOSI VA YOSHLAR BILAN SAMIMIY MULOQOT
Tumanimizda «Yoshlar kuni» tadbirlari ko’tarinki ruhda va uyushqoqlikda o’tdi.
Dastlab Cho’rtuk mahallasida joylashgan 21-sonli umumta’lim maktabining yangi binosi foydalanishga topshirildi.
Joriy yilda Investitsiya dasturi doirasida maktabda keng ko’lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Jumladan, 835 o’rinli mavjud o’quv binosi mukammal ta’mirlandi. Shuningdek, tumanda ilk bor zamonaviy talablar asosida besh qavatli, 720 o’ringa mo’ljallangan yangi o’quv binosi barpo etildi. Mazkur qurilish, ta’mirlash va rekonstruksiya ishlarini amalga oshirish uchun jami 19 milliard 864 million so’m mablag’ yo’naltirildi.
Maktabning foydalanishga topshirilishi munosabati bilan tantanali marosim tashkil etildi. Unda viloyat prokuraturasi bo’lim boshlig’i V.Nishonov, tuman hokimi M.Abdullayev, jamoatchilik vakillari, ta’lim faxriylari, mahalla faollari ishtirok etdilar.
«Yoshlar kuni» tadbirlari doirasida maktabning bitiruvchi sinf o’quvchilari hamda yoshlar vakillari bilan «Rahbar va yoshlar» uchrashuvi tashkil etildi. Tumandagi Boborahim Mashrab xususiy maktabida o’quvchilarga yaratilgan shart-sharoitlar, ta’lim sifati va o’quv jarayoni bilan tanishildi. Uychi mini futbol ligasi mavsumi g’olib va sovrindorlari munosib taqdirlandi.
Tuman hokimligi axborot xizmati.

