XODIMNI LOTINCHADA YAXSHI YOZOLMAGANI UCHUN INTIZOMIY JAZOLASH TO’G’RIMI?
Xodim hujjatlarni lotinchada emas, krillchada yozgani uchun undan tushuntirish xati olib, unga nisbatan intizomiy jazo qo’llashmoqchi ekan. Xatto uni ishdan bo’shatish haqida gap bo’libdi.
Hurmatli ish beruvchilar, shunga o’xshash keyslarda biz intizomiy qilmish bilan, malakasizlikni bir-biridan ajratib olaylik!
Xodimning muayyan bir sohadagi (masalan, hujjatlarni yozish jarayonidagi) ko’nikmasi yetarli emasligi – bu intizomsizlik emas, malakasizlik deb baholanishi kerak. Malakasizlikka intizomiy jazo bilan javob berib bo’lmaydi, uning yo’rig’i boshqa. Intizomsizlik bu zimmasidagi majburiyatlarni aybli tarzda bajarmaslikdir. Malakasizlik xodimning o’zi mas’ul bo’lgan ishni bilimi, malakasi, ko’nikmasi, layoqati va tajribasi yetarli emasligi sababli bajara olmasligidir.
Lekin, malakasizlikka ham ehtiyotkorlik bilan yondoshish kerak. Masalan, tashkilot faoliyatiga yangi dasturiy ta’minot tizimi joriy qilindi deylik. Bu joyga biriktirilgan xodimni yangi programmada ishlay olmaydi, bunga malakasi yetmaydi deb birdaniga ishdan haydab yuborish unchalik ham to’g’ri emas.
Avval, uni shu programmada ishlash bo’yicha malakasini oshirish chorasini ko’rish kerak. Unga dastlab, bu tizimda ishlashni o’rgatish zarur. Bunday tadbirlardan keyin ham foydasi bo’lmadimi, ana unda xodimni malakasiga ko’ra bajarayotgan ishiga nomuvofiq deb hulosa qilsangiz bo’ladi.
Shunda xodimga MK 144-moddasi bo’yicha malakasiga to’g’ri keladigan ish taklif qilasiz. Rozi bo’lmasa, yoki tashkilotda bunday ish bo’lmasa, bo’shatasiz. Bo’shatganda ham, aynan malakasiga ko’ra ishiga noloyiq degan asos (MK 161-moddasi ikkinchi qismi 3-bandi) bilan bo’shatasiz. Yuqoridagi lotinchada ravon yozolmayotgan xodim bo’yicha ham xuddi shunga o’xshash choralar ko’riladi.
Lekin, xodimni malakasizligi tufayli intizomiy jazolash yoki intizomiy jazo sifatida ishdan bo’shatish noqonuniy bo’lib qoladi.
M.HAYDAROV,
tuman adliya bo’limi YXKM boshligi,
Sh.DADABOYEV,
bosh yuriskonsult.

