OSOYISHTALIK POSBONLARIGA EHTIROM
«Mezbon» majmuasida Ichki ishlar organlari xodimlari kuni hamda tizim tashkil etilganining 35 yilligi munosabati bilan tantanali tadbir bo’lib o’tdi.
Tadbirda tuman hokimi Muzaffar Abdullayev, huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlari, shaxsiy tarkib va tizim faxriylari ishtirok etdilar.
Tuman rahbari ichki ishlar organlari xodimlarini kasb bayrami bilan samimiy muborakbod etib, ularning jamiyatda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, jinoyatchilikning oldini olish borasidagi xizmatlari muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Tadbir davomida xizmat vazifalarini sidqidildan bajarib, yuksak natijalarga erishayotgan xodimlarni rag’batlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Bir guruh xodimlarga «O’zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining 35 yilligi» esdalik nishoni, «Ichki ishlar organlarida benuqson xizmatlari uchun» ko’krak nishoni, viloyat ichki ishlar boshqarmasi, prokuratura, tuman hokimligining «Tashakkurnoma»si, esdalik sovg’alari topshirildi.
Bu kabi e’tiroflar zimmasidagi mas’uliyatni chuqur his etib, xalq osoyishtaligi va yurt tinchligi yo’lida xizmat qilayotgan xodimlar uchun yuksak ishonch va rag’bat ifodasidir.
Tuman madaniyat bo’limi san’atkorlari hamda yosh estrada xonandalari ishtirokidagi bayram konserti barchaga xushnudlik bag’ishladi.

