YANGI MEHNAT KODEKSIDAGI XODIMLARNING HUQUQLARI

Yangi Mehnat kodeksida mehnat ta’tilining eng kam davomiyligi endi 21 kalendar kundan iborat bo‘ladi. Ammo bu hali hammasi emas! Xodimlar bitta tashkilotda yoki sohadagi ish staji uchun qo‘shimcha ta’til kunlariga ega bo‘ladilar. Xodimga ishlagan yillarining har bir 5 yili uchun 2, ammo bir ish yilida jami 8 kundan oshmagan, qo‘shimcha ta’til kuni taqdim etiladi.
To‘lovlarni (ish haqi, ta’til pullari, ishdan bo‘shatish nafaqalari, ishdan bo‘shatishda hisob-kitob va boshqalar) kechiktirilgan har bir kun uchun xodimga Markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkasidan 10 foiz miqdorida pulli kompensatsiya to‘lanadi.
Shuningdek endi xodimlar ish beruvchidan o‘zlarining mehnat majburiyatlarini bajarish bilan bog‘liq hujjatlaridan istalgan hujjatning ko‘chirma nus’hasini talab qilishga haqli. Ish beruvchiga kerakli hujjatlar ko‘chirma nusxasini tayyorlash va ularni xodimga berish uchun 3 kun taqdim etiladi.
Bundan tashqari, o‘zini o‘zi himoya qilish tushunchasi va tartibi nazarda tutildi . Masalan, xodim noqonuniy ravishda boshqa ishga o‘tkazilganda yoki undan mehnat shartnomasida ko‘zda tutilmagan vazifalarni bajarish talab qilinganda, xodim ularni bajarishdan bosh tortishga yoki ishga chiqmaslikka haqli. Bunday holatda majburiy progul xodimga kompensatsiya qilinishi lozim.
Z.SULTONOVA,
tuman Adliya bo`limi YXKM bosh yuriskonsulti.