AYOL – OILANING MUSTAHKAM TAYANCHI
Ayol bir qo’lida beshikni, bir qo’lida dunyoni tebratadi.
Quyosh aslida ikkita! Biri ko’kda, biri esa “ayol” nomi bilan zaminda yashaydi. Ayol-malhami dunyo! U-nur manbayi! Jumla olamni quyosh, odamlar qalbini esa ayol isitib turadi! Demakki, ko’kdagi quyosh shu bilandir! Onasiz, opa-singillarsiz, umr yo’ldosh va mahbubasiz, qizingizsiz, xola-ammalarsiz va yoki qo’shni momolarsiz qolishni bir tasavvur qiling-a! Tepangizda o’nta quyosh bo’lsa-da, bahoringiz qishga aylanib, yozlaringiz izg’irin bo’lgay!
Bugungi kunda bepoyon va mustaqil diyorimiz O’zbekistonda har bir sohada : ishlab chiqarishda, tadbirkorlikda, maorif-meditsina, san’at, ilm-fan va hattoki davlat boshqaruv idoralarida ko’plab fidoyi xotin-qizlarimizni ko’rishimiz mumkin. Ular erkaklar bilan bab-barobar mamlakatimiz tarqqiyoti va kelajagi uchun o’zlarini munosib hissalarini qo’shib kelmoqdalar. Ana shunday ishlar bilan birgalikda “Oila” deb atalmish muqaddas dargohda oila bekasi, ona degan sharafli vazifani ham o’z zabardast yelkalariga ko’tarib kelmoqdalar. Lekin, ming afsuski, bu sharafli yukni ko’tara olmay yoki boshqa ayrim sabablar bilan ko’plab oilalar buzilib ketmoqda. Bolalar yo otasiz, yo onasiz qolmoqda. Bu esa “Ayol” degan muqaddas nomga (zotga) nisbatan to’g’ri kelmaydigan fikr va mulohazalarga olib kelmoqda. Sir emaski bugungi kunda yolg’iz onalar, boquvchisini yo’qotgan, moddiy sharoiti qiyin ahvolda, “temir daftar “ga kiritilgan ayollar anchagina. Bu holatlardan chiqishning asosiy omillaridan biri “Ayol”ning o’z-o’ziga bo’lgan ishonchdir. Demoqchimanki, har bir ayol oilada va jamiyatda o’z o’rnini egallashi uchun aqlli, dono va har tomonlama (zamonaviu va diniy) bilimga ega bo’lishi kerak. Inson qachonki o’z kuchiga, bilimiga va o’ziga ishonsagina, o’z-o’zini qadrlay olsagina o’z o’rnini topa oladi.
“Ayolning aqli va qalbi bo’sh-bo’sh bo’lsa, unda na maktab madaniyati va na masjid ibodati bo’lmasa, undan kutilgan tarbiya qayerdan paydo bo’lardi?! Ayoli faqat taom tayyorlash va rohat bag’ishlashgagina yaroqli jonzot” bo’lgan jamiyat, aslo isloh bo’lmas jamiyatdir,-degan edilar Shayx Muhammad G’azzoliy. Demak har qanday jamiyatda ayol kishi ilm va hunar egallashi darkor.
Turmush-musht. Ro’zg’or-g’or. Mana shu muhit va g’orlar ichida bekalik qilish juda katta mahorat. Ayol kishi ilmli bo’lishdan tashqari hayotda aktyor bo’lishi kerak. Yangi kelin oilada yangi aktyor. Besh-o’n yil o’tgach mahoratli, tajribali aktyorga aylanadi. Oila mustahkamlanib, o’g’il-qizlar hayotda o’z o’rnini topgach hurmat ko’rsatgan artist bo’ladi. Bu degani ayol oilada har xil vaziyatlarda sabr bilan, aql bilan, xushmuomalalik bilan ish ko’rishi kerak. Ayol kishi doimo latofatli bo’lishi kerak. Uchta narsa ayol latofatini kamaytirib yuboradi. Bu: 1-itoatsizlik, 2-asabiylashish, 3-ovozni ko’tarib gapirish. Oilada ayolning o’z eriga va uning yaqinlariga bo’lgan hurmat va e’tibor juda muhimdir. Bugungi kunda oilalarning buzilib ketishiga olib kelayotgan narsa bu ayollarning o’z eriga “Qayerdasiz?” deb ko’p so’rashdir. O’zbek oilalarida erini hurmat qilish va unga itoat etish 1-navbatda turadi. “Qayerdasiz?” deb so’rash, erkaklarga nisbatan ishonchsizlikni bildiradi, tabiiyki bu ularga yoqmaydi. Oilada erning gapini bo’lish, bahslashish, erni tarbiyalash mumkin emas. Bu holat mavjud bo’lgan joyda oilaga darz ketadi.
Ayol oilasi mustahkam bo’lishini xohlasa, o’z eriga generalga bo’lgan munosabatda bo’lishga harakat qilishi kerak. Ana shunda eri haqiqiy generalga aylanadi. Haqiqiy suyansa bo’ladigan kuchli, muvaffaqiyatli erkakka aylanadi. Ro’zg’or er kisshini sara-puchakka ajratadigan jangohdir. Bozor va uyning xo’jalik ishlari faqat erkaklarga bo’lishi kerak. Ayol kishi bolg’a-tesha ushlamasligi, bozor xalta osmasligi kerak. Oilaning ko’cha bilan bitadigan hamma muammolarini erkaklar qilishi kerak. Ming afsuski hamma oilalarda ham shunday emas. Erkak to’rt muchali sog’ bo’la turib, ahli ayolini issiq-sovuqdan, isnod va xatardan himoya qila olmasa qozonini qaynata olmasa, bu halokat. Ayol ro’zg’or tortishda maydonda yolg’iz qoladi, jufti tirik turib ola xurjunni yelkasiga oladi, o’ksiydi, g’arib bo’ladi. Oxir-oqibat sog’ligini yo’qotadi… ajrashadi.
Davlatimiz rahbari, prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyev oila mustahkamligi, kambag’allikning oldini olish, yolg’iz ayol va boquvchisini yo’qotganlarga yordam berish borasida katta say’i harakatlar qilmoqda. Yangi qabul qilingan O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida ham ushbu masalalarga doir ancha o`zgartirish va qo`shimchalar kiritildi. Bu esa biz ayollarni yanada ko`proq mas`uliyatli bo`lishga chorlaydi.
N.SAMATOVA,
tuman FHDY bo`limi 1-toifali inspektori.

