DEPUTATLAR MAHALLADA
O‘zLiDePdan Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylangan deputatlar Marufjon Raxmanov, Dilmurod Artiqovlar ishchi guruhi a’zolari bilan tumanimizga tashrif buyurishdi.
Saylovchilar bilan uchrashuvlar tumanning 3-sektori hududidagi Shaftoli MFYda yangi foydalanishga topshirilgan 43-sonli DMTTdan boshlandi. Bu yerda deputatlar bir guruh mahalla faollari, nuroniylar bilan suhbatlashishdi. Deputatlar tomonidan o‘tgan saylov jarayonlari, qonunchilikdagi yangiliklar, deputat vakolatlari haqida tushunchalar berildi.
Temirchilikka ixtisoslashgan «Qumtepa» yoshlar kichik sanoat zonasida faoliyat olib borayotgan tadbirkorlar bilan uchrashuv jarayonida ularning taklif va murojaatlari eshitildi.
Jiydakapa MFY hududida tashkil etilgan SP «EXCELLENT TILES» MCHJda ishchi-xodimlar bilan suhbat davomida muammo va takliflar o‘rganildi.
Tuman hokimligi, viloyat «Mikrokreditbank» va tuman tijorat banklari tomonidan tashkil etilgan «Loyihalar yarmarkasi»da loyihalar bo‘yicha takliflar bildirildi.
Muborak MFY faollari, nuroniylar, buvijonlar maktabi a’zolari, mahalla ma’rifat targ‘ibotchilari, maktablar direktorlari, ko‘chaboshilar hamda otinoyilar ishtirokida davra suhbati o‘tkazildi.
Unda viloyat Kengashi deputati, «Nuroniy» jamg‘armasi tuman bo‘limi raisi T.Ismatillayev, 8-Muborak saylov okrugidan saylangan tuman Kengashi deputati N.Dedaxanova ishtirok etib, O‘zbekiston Respublikasi aholisini ijtimoiy himoya qilish strategiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirishga qaratilgan «Deputat mahallada» loyihasi asosida saylovchilar bilan uchrashdilar.
Ochiq muloqot davomida saylovchilar bugungi kunda har sohada jadallik bilan olib borilayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlashlari, mahallaning chaqiriqlariga doimo «labbay» deb javob berishlarini bildirishdi.

