MEHNAT SHARTNOMASIGA KO‘RA

Xodim vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik davrida bo‘lganda mehnat shartnomasini bekor qilish mumkin emasligi MKning 163-moddasida ko‘rsatilgan. MKning 163-moddasidagi bu cheklov mehnat shartnomasini ish beruvchi tashabbusiga ko‘ra bekor qilishga tegishli.

Dastlabki sinov natijasiga ko‘ra mehnat shartnomasini bekor qilish esa, ish beruvchi tashabbusiga ko‘ra mehnat shartnomasini bekor qilish (MKning 161-moddasi)dan alohida va mustaqil asos hisoblanadi.

MKning dastlabki sinovga doir 129-132-moddalarida mehnatga qobiliyatsizlik davrida mehnat shartnomasi bekor qilinishi mumkinmas, deb aniq yozib qo‘yilmagan. Biroq bundan darrov xulosa chiqarishga shoshilmang.

MKning 130-moddasida «vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik davri va xodim haqiqatda ishda bo‘lmagan boshqa davrlar dastlabki sinov muddatiga qo‘shilmaydi», deyilgan. E’tibor bering, xodimning vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik davri dastlabki sinov muddatiga, yanada aniqrog‘i, dastlabki sinov davriga qo‘shilmas ekan. Endi MKning 132-moddasi ikkinchi qismidagi mana bu qoidani yodga olaylik: «Ish beruvchi xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasini sinov natijasi qoniqarsiz bo‘lganda, xodimni sinovdan o‘tmagan deb e’tirof etish uchun asos bo‘lib xizmat qilgan sabablarni ko‘rsatgan holda o‘z tashabbusiga ko‘ra, dastlabki sinov davrida bekor qilishga haqli» deyilgan. Shu joyda «…dastlabki sinov davrida bekor qilishga haqli» degan jumlalarga ahamiyat beramiz, ya’ni ish beruvchi xodimning mehnat shartnomasini dastlabki sinov natijasiga ko‘ra bekor qilmoqchi bo‘lsa, bu faqat dastlabki sinov davrida amalga oshirilishi mumkin.

Demak, xulosa shunday bo‘ladi, xodimning mehnatga qobiliyatsizlik davri dastlabki sinov davriga kirmaydi va shu sababli, ish beruvchi vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik davrida bo‘lgan xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasini dastlabki sinov natijasi bo‘yicha bekor qila olmaydi.

Shokirjon DADABOYEV,

Odiljon BOYXONOV,

tuman adliya bo‘limi YXKM bosh yuriskonsultlari.