BOBUR IJODIDA VATAN SOG‘INCHI
Zahiriddin Muhammad Bobur nafaqat ulug‘ shoir, balki adolatli sulton, mohir sarkarda, tarixiy haqiqati bilan Osiyodagina emas, butun dunyoda ulkan ahamiyatga ega bo‘lgan «Boburnoma» tarixiy-memuar asarini bitgan mahoratli adib, haqgo‘y tarixchi, inson ruhiyati, xarakterini nozik chizgilarda ifoda eta oladigan buyuk olim sifatida shuhrat qozongan.
U o‘z asarlarida insonning ma’naviy kamolotga erishishida xalqparvarlik va diniy qadriyatlarning katta ahamiyatga ega ekanligini ham alohida ta’kidlagan. Shoh Bobur jangu jadallarni boshidan kechirib, o‘z ixtiyori bilan emas, balki majburiyati ostida yot ellarga yo‘l oldi. Hindistonda juda ko‘p qurilish, bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlarini boshqardi.
Bobur timsoli jahon ahli nigohida dilbar shaxs, shirin kalom, nozik did, go‘zal xulq sohibi sifatida namoyon bo‘ladi. Uning dil-dilini o‘rtagan Vatan sog‘inchi oradan besh asrdan ko‘p vaqt o‘tsa-da, bizning ham qalblarimizda aks-sado berib turibdi.
Hindistonlik mashhur davlat arbobi Javoharlal Neruning «Hindistonning kashf etilishi» va «Hindiston tarixiga bir nazar» asarlarida Boburning dilbar shaxsligi, Sharq uyg‘onish davrining tipik hukmdori, mard va tadbirkor odami bo‘lib, san’at va adabiyot va hayotdan zavqlanishni sevishi bayon qilingan.
Jahonning taniqli shaxslari tomonidan ajdodlarimizga berilgan bunday ta’riflar bizni behad quvontiradi, qalblarimizda faxr tuyg‘usini uyg‘otadi, shuningdek, zimmamizga katta mas’uliyat ham yuklaydi. Hind adabiyotshunosi, doktor Qamar Rays o‘zining jurnal noshirlariga yo‘llagan maktubida, xalqimiz buyuk o‘zbek sarkardasi Boburni faqat shahanshoh deb emas, genial shoir deb ham bilishini, Bobur qalamiga mansub ko‘pgina nazmlarni bevosita qadimgi o‘zbek tilidan hind tiliga tarjima qilishga kirishganligini, Boburning shoirlik iste’dodi xususidagi shu kichik maqola muqaddima o‘rnida xizmat qilishini bayon qiladi.
Umri davomida hayoti va ijodi bilan insoniyatni yaxshilik va fidoyilikka, mardlikka undagan shoir Zahiriddin Muhammad Bobur xalqlar o‘rtasida do‘stlik va birodarlikni ulug‘lovchi, o‘tmish va kelajakni bog‘lovchi, barchada ona Vatanga sadoqat va mehr tuyg‘ularini ulug‘lovchi buyuk shaxs bo‘lib qolaveradi.
Nargiza SAMATOVA,
tuman adliya bo‘limi FHDY bo‘limi 1-toifali inspektori.

