INFORMATIKA FANINING VUJUDGA KELISHI
Informatika 60-yillarda Fransiyada elektron hisoblash mashinalari yordamida axborotni qayta ishlash bilan shug‘ullanuvchi sohani ifodalovchi atama sifatida yuzaga keldi. Informatika atamasi lotincha informatic so‘zidan kelib chiqqan bo‘lib, tushuntirish, xabar qilish, bayon etish ma’nolarini anglatadi. Fransuzcha informatique (informatika) so‘zi axborot avtomatikasi yoki axborotni avtomatik qayta ishlash ma’nosini anglatadi. Ingliz tilida so’zlashuvchi mamlakatlarda bu atamaga Computer science (kompyuter texnikasi haqidagi fan) sinonimi mos keladi.
Informatikaning inson faoliyatining mustaqil sohasi sifatida ajralib chiqishi birinchi navbatda kompyuter texnikasining rivojlanishi bilan bog‘liq. Bunda asosiy xizmat mikroprotsessor texnikasiga to‘g‘ri keladi, uning paydo bo‘lishi 70-yillar o‘rtalarida ikkinchi elektron inqilobini boshlab berdi.
Shu davrdan boshlab hisoblash mashinalarining element negizini integral chizma va mikroprotsessorlar tashkil etdi. Informatika atamasi nafaqat kompyuter texnikasi yutuqlarini aks ettirish va foydalanish, balki axborotni uzatish va qayta ishlash jarayonlari bilan ham bog‘lanadi.
Informatika axborotni qayta ishlash, ularni qo‘llash va ijtimoiy amaliyotning turli sohalariga ta’sirini EHM tizimlariga asoslangan holda ishlab chiqish, loyihalash, yaratish, baholash, ishlashning turli jihatlarini o‘rganuvchi kompleks ilmiy va muhandislik fani sohasidir.
BehzodABDURAHMONOV,
1-sonli politexnikumning informatika fani o‘qituvchisi.

