MANFAATLAR TO‘QNASHUVI NIMA?

Korrupsiyaning yumshoq ko‘rinishi sifatida e’tirof etilgan tushuncha bu – manfaatlar to‘qnashuvi hisoblanadi. U murakkab va ko‘p qirrali tushuncha bo‘lib, umume’tirof etilgan xalqaro hujjatlarda, xorijiy va milliy qonunchilikka asosan davlat boshqaruvi va korporativ faoliyatda korrupsiyaga qarshi kurashish tufayli uchraydi. Yaqin kunlarga qadar «manfaatlar to‘qnashuvi» atamasiga oid yagona tushuncha yo‘q edi, shu bois unga turlicha ta’riflar keltirilgan.

Manfaatlar to‘qnashuvi – shaxsning shaxsiy (bevosita yoki bilvosita) manfaatdorligi uning o‘z lavozim yoki xizmat majburiyatlarini lozim darajada bajarishiga ta’sir ko‘rsatayotgan yoxud ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan hamda shaxsiy manfaatdorlik bilan fuqarolarning, tashkilotlarning, jamiyatning yoki davlatning huquqlari, qonuniy manfaatlari o‘rtasida qarama-qarshilik yuzaga kelayotgan yoki yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan vaziyatdir.

Manfaatlar to‘qnashuvi tushunchasini anglash uchun uning ko‘rinishlarini tahlil qilib o‘tamiz. Manfaatlar to‘qnashuvining asosan urug‘-aymoqchilik, mahalliychilik, nepotizm, shafelik, kronizm va favoritizm kabi ko‘rinishlari mavjud. Bunda, urug‘-aymoqchilik deganda, tashkilot xodimining avlodajdodlari bir bo‘lgan, bir sulolaga mansublik asosida uchinchi shaxslarga nisbatan subyektiv, imtiyozli va noxolis munosabat shaklidagi shaxsiy manfaatdorligi tushuniladi.

Mahalliychilik – shaxsni uning nasliy kelib chiqishi (aslzoda yoki mashhur sulola vakili ekanligi va u jamoatchilik tomonidan e’tirof etilganligi) hamda yaqin qarindoshlarining egallab turgan xizmat mavqei sababli, uning lavozimga qo‘yiladigan malaka talablariga mos kelishkelmasligini hisobga olmagan holda ishga qabul qilish, rotatsiya qilish va lavozimga tayinlash kabi holatni anglatadi.

Nepotizmga (tanish-bilishchilik) – o‘zining yaqin qarindoshlari yoki do‘stlariga noqonuniy imtiyozlar berish maqsadida hokimiyatdan foydalanish va ta’sir o‘tkazish, shuningdek, yaqin qarindoshlari va do‘stlariga asossiz mukofotlar hisoblash, tashkilot manfaatlari zarariga, yaqin qarindoshlari va do‘stlarini ishga qabul qilish va lavozimga tayinlashlarga aytiladi.

Shafelik deganda tashkilot xodimining lavozimi yuqoriroq bo‘lgan boshqa xodim tomonidan qulay mehnat sharoitlarini yaratib berish shaklidagi himoyasi, uni yoqlab yonini olishi tushuniladi.

Kronizm – do‘stlar yoki ishonchli shaxslarga noqonuniy imtiyozlar taqdim etish maqsadida hokimiyat va obro‘sidan foydalanishda namoyon bo‘ladi.

Favoritizm – bu tashkilot xodimi boshqa shaxs va shaxslar guruhi manfaatlariga qaraganda bitta shaxs yoki shaxslar guruhi manfaatlariga ustuvor ahamiyat qaratishi, tashkilotda kadrlarni tanlash va joylashtirish, lavozimini ko‘tarish, mukofot puli berish va davlat mukofotlariga tavsiya etish, ta’til berish yoki sihatgohlar va xorijiy safarlarga yuborish, murojaatlar, shuningdek, ish va navbatchilik jadvallarini ko‘rib chiqishda ketma-ketlikni yo‘lga qo‘yish bilan bog‘liq vaziyatlarda tartiblarga rioya qilmaslik tushuniladi.

Manfaatlar to‘qnashuvining ijtimoiy xavfliligi, uning ayrim ko‘rinishlarining asosida fuqarolarning huquqlariga yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlariga yoxud davlat yoki jamoat manfaatlariga ko‘p miqdorda zarar yoxud jiddiy ziyon yetkazilishiga sabab bo‘lishidadir.

Bu o‘z navbatida korrupsiyaga oid jinoyatlar, masalan, hokimiyatni yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilishi yoki qonun doirasidan chetga chiqish, hokimiyat harakatsizligi, mansab soxtakorligi uchun javobgarlikni keltirib chiqarishi mumkin.

M.MELIXANOVA,

Yangi Namangan tuman adliya bo‘limi yuridik xizmat ko‘rsatish markazi boshlig‘i.