QANDLI DIABETDA OVQATLANISH
Qandli diabet – organizmda insulin (oshqozon osti bezi garmoni) yetishmasligi natijasida kelib chiqadigan endokrin kasallik.
Qandli diabetda qonda glyukoza miqdori oshib ketishi oqibatida a’zolarning zararlanishi kuzatiladi. Buning oldini olish uchun esa qonda qand miqdorini me’yordan oshmasligiga harakat qilish kerak (me’yorda 5,5 mmol/l).
Qandli diabetda eng muhimi parhezdir. Unga rioya qilish kasallikning avj olmasligiga va dori vositalarini kam qabul qilishga imkon beradi.
Diabetga chalinganlar uchun eng xavflisi shirinliklar, shirin mevasabzavotlardir. Chunki ular qonda qand miqdorini birdaniga oshirib yuboradi.
Qandli diabetda asosiy qoidalar:
-ovqatlanish kun davomida – 5-6 marotaba bo‘lganda, bu tartib ichaklarda uglevodlarning teng so‘rilishiga imkon beradi va oshqozon osti bezini zo‘riqtirmaydi;
-taomnomada ko‘proq kletchatkaga va «oziq tolalar»ga boy sabzavotlar, un mahsulotlari kiritilishi kerak. Chunki ular qand miqdorini sezilarli oshirmaydi;
-tayyorlanadigan ovqat tarkibida yog‘ kam bo‘lishi va o‘simlik yog‘laridan foydalanish (pista, jo‘xori va zaytun yog‘lari). Kartoshka, lavlagi va sabzi (kuniga 200 g. dan oshmasligi). Ortiqcha tana vazni bo‘lganlar taomnomasida, albatta, to‘qlik hissini beradigan sabzavotli, ko‘katli salatlar bo‘lishi kerak.
Tavsiya etiladi: non (asosan qora non).
Suyuq ovqatlar: sabzavotli qaynatilgan sho‘rva, haftada 2 marta yog‘siz go‘shtdan qaynatma (baliq sho‘rvani haftada bir marta yeyish mumkin).
Go‘shtli ovqatlar:
-bug‘da, dimlab va duxovkada pishirilgan yog‘siz go‘sht ( mol go‘shti, parranda go‘shti va baliq);
-sabzavotli dimlama (karamli, qovoqli) va kun davomida sabzavotlarni xomligicha va salat ko‘rinishida yeyish: karam, turp, rediska, bodring, pomidor va h.k.
Mevalar va rezavorlar: (Bir kunda 200 gr. yoki kompot tayyorlab ichish) nordon – shirin meva turlari: ko‘k olma, limon, apelsin, qizil smorodina va h.k.
Tuxum va undan tayyorlanadigan ovqatlar: bir dona tuxum (kunda 2 tadan oshmasligi kerak) aralashtirilib pishirish, yoki quymoq ko‘rinishida, shuningdek, boshqa ovqatlarga qo‘shib pishirish mumkin.
Sut mahsulotlari: sut, qatiq, tvorog. Pishloq, smetana va qaymoq esa cheklangan holda bo‘lishi lozim.
Ichimliklar: choy, sutli choy, shakarsiz mevali kompotlar.
Mumkin emas:
- Qonda qand miqdorini oshiradigan oson hazm bo‘ladigan uglevodlarga boy mahsulotlar:
-shakar, pishiriqlar, murabbo.
- Barcha shirin mevalar: uzum, banan, qulupnay, qovun, tarvuz, nok, o‘rik.
- Oddiy uglevodlarga boy bo‘lgan yormalar:
-mannili, oq guruch, jo‘xori yormasi, makaron mahsulotlari.
Muhayyo ZIYOTOVA,
salomatlik va strategik rivojlanish instituti tuman bo‘limi hamshirasi.

