PROAKTIV VA KOMPOZIT TARZDAGI TARTIB
Mamlakatimizda davlat xizmatlarini ko‘rsatishda byurokratizm, sansalorlik va boshqa ma’muriy to‘siqlarni bartaraf etish, eskirgan va zamon talablariga mos kelmaydigan tartib-taomillarni tubdan qisqartirishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Aholiga davlat xizmatlarini qulay va oson shakllarda ko‘rsatish ko‘lamini oshirish va fuqarolarning idorama-idora sarson bo‘lib yurishining oldini olish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 18-dekabrdagi «O‘zbekiston Respublikasi hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi 847-sonli qarori qabul qilindi. Mazkur qaror bilan 5 turdagi davlat xizmatlari proaktiv tarzda ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilmoqda. Proaktiv davlat xizmati deyilganda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarisiz vakolatli organlar tashabbusi bilan ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari tushuniladi.
Ushbu qaror bilan:
-elektr energiyasini hisobga olish uskunalarini davriy qiyoslashdan o‘tkazish;
-tabiiy gazni hisobga olish uskunalarini davriy qiyoslashdan o‘tkazish;
-ichimlik suvini hisobga olish uskunalarini davriy qiyoslashdan o‘tkazish;
-issiq suvni hisobga olish uskunalarini davriy qiyoslashdan o‘tkazish;
-xususiy bandlik agentliklarini Xususiy bandlik agentliklarining reyestriga kiritish xizmatlarini proaktiv tarzda ko‘rsatilishi belgilandi.
Misol tariqasida, ichimlik suvini hisobga olish uskunalarini davriy qiyoslashdan (jismoniy shaxslar uchun – 8 yil, yuridik shaxslar uchun – 4 yil) o‘tkazish endilikda iste’molchilarning murojaatisiz amalga oshiriladi. Bunda ta’minotchi korxonaning mas’ul xodimi hisobga olish uskunasining davriy qiyoslov muddatiga 3 oy qolganda proaktiv shaklda hisobga olish uskunasi mulkdorining ishtirokida hisobga olish uskunasini yechib oladi va 2 nusxada dalolatnoma tuzadi.
Shundan so‘ng hisobga olish uskunasi ta’minotchi korxona tomonidan dalolatnoma bilan birga metrologiya xizmatiga topshiriladi va 3 ish kuni ichida metrologiya xizmati tomonidan qiyoslashdan o‘tkaziladi.
Hisobga olish uskunasi qiyoslashdan o‘tkazilgandan so‘ng, ta’minotchi korxona tomonidan 3 ish kuni ichida hisobga olish uskunasi fuqaroning ishtirokida o‘rnatilib, 3 nusxada dalolatnoma tuzilgan holda tamg‘alanadi. Davlat xizmati ko‘rsatilganligi uchun yig‘im jismoniy va yuridik shaxslarning shaxsiy hisob varag‘idan avtomat ravishda yechib olinadi.
O.OTAXANOV,
tuman adliya bo‘limi davlat xizmatlari markazi yetakchi mutaxassisi.

