«UMID NIHOLLARI» CHORLAYDI

Ma’lumki, tumanimizdagi «Umid nihollari» bolalar yozgi sog‘lomlashtirish oromgohi O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi kapital qurilish boshqarmasi buyurtmachiligida «Kelajak mega stroy» MCHJ tomonidan zamonaviy qiyofaga kirdi. Bu yerda rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi.

To‘rtta yotoqxona ta’mirlandi, 200 o‘rinli amfiteatr, oshxona, to‘garaklar uchun alohida 8 ta xona, basketbol, voleybol, jismoniy mashqlar maydonchasi (vorkaut), 25×12,5 hajmdagi usti ochiq basseyn, kiyinish, yechinish xonalari bilan, 40×20 hajmda mini futbol maydoni, 100 kubali ikkita suv saqlash havzasi, oqava suvlari uchun yopiq hovuz qurildi.

Oromgohga Departamentning Namangan viloyat boshqarmasi boshlig‘i Azamat Boboxonov, monitoring bo‘limi boshlig‘i Kamolxon Obidovlar tashrif buyurib, amalga oshirilgan ishlar, yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar. Mavsum oldidan tayyorgarlik ishlari bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berishdi.

Joriy yilgi mavsumda oromgoh to‘rt navbatda 200 nafardan jami 800 nafar o‘g‘il-qizni bag‘riga oladi. Shu maqsadda oromgohda mavsumga puxta tayyorgarlik ko‘rilmoqda.