MILLIY QADRIYAT VA AN’ANALAR NAMOYISHI
8-DMTTda ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish bo‘yicha o‘quv amaliy seminar tashkil etildi.
Unda tumandagi barcha davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlaridan direktor o‘rinbosarlari, rus tili fani o‘qituvchilari va tarbiyachilar qatnashdilar.
Muassasa direktori Shoira Egamberdiyeva, direktor o‘rinbosari Dilfuza Salohiddinova, psixolog, defektolog, rus tili fani o‘qituvchisi, tarbiyachilar, musiqa rahbarlari, yordamchi tarbiyachi va oshpazlar seminar davomida milliylikka katta ahamiyat berishdi. 7-8-guruhlar tarbiyachilari, yordamchi tarbiyachi va tarbiyalanuvchilari mehmonlarni milliy qo‘shiq va karnay-surnay sadolari ostida, xalq o‘yinlarini namoyish qilish bilan qarshi olishdi. Muassasa hovlisi va guruh xonalarini bezatishda ham milliylikka e’tibor qaratildi. Rus tili fani o‘qituvchisi Dildora Temirova «Pogoda» mavzusida mujassamlangan mashg‘ulot, tarbiyachilar Ma’mura Abduvahobova «Qushlarni parvarish qilamiz», Mushtariy Nuriddinova tasviriy faoliyatda «Kamalak jilosi», Habiba Abdullayeva savodxonlikka o‘rgatish faoliyatida «J» tovushi va harfi», Muhayyo Siddiqova elementar matematika faoliyatida «Doira va oval shakllarni farqlash», Sohiba Boydedayeva, Muazzam Isroilova, Umida Bobomirzayeva «Yashil rangning sarguzashtlari» mavzularida ochiq mashg‘ulotlar o‘tishdi. Muassasa hovlisidan tarbiyachilar tomonidan qo‘l mehnati bilan tayyorlangan ko‘rgazmalar joy oldi. Ayniqsa, katta tarbiyachi Rahimaxon Yunusova tomonidan tayyorlangan ko‘rgazmalar mehmonlarga manzur bo‘ldi.
Seminarda tuman MMTB maktabgacha sho‘ba rahbari M.Soliyeva so‘zga chiqib, muassasa faoliyatiga yuqori baho berdi va tashkilotchilarga minnatdorchilik bildirdi.

