CHET ELDAGI PENSIONERGA ISHONCHNOMA BILAN PENSIYA TO‘LANISHI TARTIBI QANDAY?
Qonunchilikka muvofiq rasmiylashtirilgan ishonchnoma bilan pensiya to‘lanadi.
Bu qanday amalga oshiriladi?
Dastlab, fuqaro chet elda bo‘lgan vaqtda ishonchnoma rasmiylashtiradi hamda vakolatli davlat organi tomonidan
apostil qo‘ydiradi.
Mazkur jarayonni pensioner chet elga ketgan kundan boshlab 3 oy ichida amalga oshirishi tavsiya etiladi. Aks holda
pensiya 3 oydan keyin vaqtincha to‘xtatib turilishi mumkin.
ESLATMA: «Fuqarolik, oilaviy va jinoyat ishlari bo‘yicha huquqiy yordam va huquqiy munosabatlar to‘g‘risida»gi
Konventsiyaning ishtirokchi davlatlarida faoliyat yuritayotgan O‘zbekiston fuqarolari ishonchnomaga apostil qo‘ydirishlari talab etilmaydi.
Pensioner ishonchnomaning asl nusxasini ishonchli vakilga topshiradi. Ishonch bildirilgan shaxs ishonchnomani pensioner pensiya olayotgan bankka taqdim qiladi. Qonunchilik talablariga asosan ishonchnomani olgan bankning tegishli bo‘limi tomonidan ishonchnoma nusxasi pensiya jamg‘armasining tuman (shahar) bo‘limiga yuboriladi. Mazkur ishonchnoma bilan ishonchli vakil pensiyani olishni davom ettirishi mumkin.
Bunda yana shuni ta’kidlab o‘tish kerakki, ishonchnoma bergan shaxs (pensioner) pensiya jamg‘armasi bo‘limiga 1 yilda
kamida 1 marta kelib tayinlangan pensiyaga bo‘lgan o‘z huquqini tasdiqlashi kerak bo‘ladi.
U.JO‘RABOYEV,
BTPJ tuman bo‘limi fuqarolarga xizmat ko‘rsatish sho‘basi bosh mutaxassisi.

