ILK AVTOMOBILLAR QANDAY YARATILGAN?
Avtomobil grek tilidan tarjima qilganda «avto» – o‘zi, «mobil» – harakatlanuvchi degan ma’noni anglatadi. Inson yoki jonivor mushaklari mehnatidan foydalanmay, sof texnik asosga ega ulovni yaratishga bo‘lgan harakatlar XVIII asrga borib taqaladi.
Inson mehnatisiz harakatlanuvchi avtomobilning ilk prototipi 1672-yilda katolik jamiyati a’zosi Ferdinand Verbist tomonidan yaratiladi. U Xitoy imperatoriga atab, bug‘ bilan harakatlanuvchi ulov – bug‘mobilni ishlab chiqadi. Bir marta ko‘mir yoqilganda taxminan 1 soatgacha harakatlansa-da, bu ulov ko‘proq o‘yinchoq ko‘rgazmaga o‘xshardi, undan yuk yoki yo‘lovchi tashish uchun foydalanib bo‘lmasdi.
Yoqilg‘ini energiya kuchiga aylantirib beruvchi dvigatelning ilk ko‘rinishini 1807-yilda shveysariyalik Fransua Isaak de Rivas ishlab chiqdi. Dvigatel vodorod bilan ishlar, harakat yuzaga kelishi uchun uchqun talab etilardi. De Rivasning ixtirosi boshqa olimlarni ham dvigatelni takomillashtirishga ilhomlantirdi.
Va 1885-yilda nemis injeneri Gotlib Daymler hozirgi ko‘rinishdagi dvigatelni yaratadi, shu yili karbyuratorni ham o‘ylab topib, ilk mototsikl uchun patent oldi. Dvigatel iqtisodiy jihatdan tejamkor va ixcham bo‘lgani uchun ham aynan Daymler dvigateli avtomobil yaratishga bo‘lgan ishonchni paydo qildi. «Otsiz harakatlanuvchi foytun». Biz tasavvur qiladigan ilk avtomobilning «katta bobosi» 1886-yilda nemis ixtirochisi Karl Bens tomonidan yaratilgan. Motorwagen deb nomlangan avtomobili uchun Bens Daymler dvigatelidan foydalandi. Bir yildan so‘ng ilk avtomobil sifatida patentlashtirilgan Motorwagen otsiz foytunni esga solardi.
Murodjon MAMADALIYEV,
1-sonli politexnikumning maxsus fan o‘qituvchisi.

