MAKTABLARDA «SO‘NGGI QO‘NG‘IROQ» TADBIRLARI

Joriy yilda tumanimizdagi mavjud 46 ta umumta’lim maktabini 2897 nafar o‘g‘il-qiz tamomlamoqda. Ulardan 87 nafari oltin, 7 nafari kumush medal bilan bitiryapti. Tumanimizdagi barcha maktablarda «So‘nggi qo‘ng‘iroq» tadbirlari bo‘lib o‘tdi. 22-maktabning 11-sinfini 75 nafar o‘quvchi tamomlayapti.

Maktab jamoasining bayram tadbirida tuman hokimi Shuhrat Musayev ishtirok etdi va mamlakatimiz rahbarining bitiruvchi yoshlarga tabrigini o‘qib eshittirdi. Shundan so‘ng bir guruh iqtidorli bitiruvchilar hamda o‘quvchilarga «Tashakkurnoma», esdalik sovg‘alari topshirildi.

Tadbirda tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mudiri E.Turaboyeva ishtirok etdi.

*«Namangan qalqon» maxsus guruh» NTMning Chust, Uychi tumanlaridagi filiallarida o‘quv yili yakuniga bag‘ishlangan sarhisob tadbiri bo‘lib o‘tdi. Chust tumanidagi so‘lim oromgohda tashkil qilingan tantanali marosimda bitiruvchi sinf kursantlariga oq yo‘l tilandi. Muassasa direktori Saodatxon Egamova, Chust, Uychi tumanlaridan tashrif buyurgan mehmonlar samimiy tilaklar bildirishdi. Kursantlar ishtirokidagi badiiy dastur, harbiy ko‘rgazmali chiqishlar barchada yorqin taassurotlar qoldirdi. Shu kuni yosh ijodkor, kursant Lazizbek Ne’matillayevning yangi kitobi taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi.

Sportning muaytay turi bo‘yicha Farg‘ona viloyatida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston chempionatida kursantlardan 11 nafari qatnashib, 3 nafari oltin, 3 nafari kumush, 5 nafari bronza medali bilan qaytdi.

Oltin medal sohiblari Ahmadilloh Ozodmirzayev, Muxlisa Yoqubjonova, Farzona Aliyeva hamda barcha chempion yoshlar tadbirda sharaflandi.