TA’LIMDA HAMJIHATLIK VA FIDOYILIKKA DA’VAT

15-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ko‘tarilgan masalalar bugungi kun uchun, yoshlarning ertangi kelajagi uchun o‘ta muhimligi va dolzarbligi bilan ahamiyatlidir.

Yurtboshimiz har bir yoshga alohida e’tibor qaratayotgani, ularning sifatli ta’lim olishi, jahon yoshlari bilan raqobatlasha oladigan, O‘zbekistonimizning ertasi, xalqimizning farovonligini ta’minlashga o‘z hissalarini qo‘shadigan kadr bo‘lib yetishishlari uchun qayg‘urayotgani meni shu soha vakili sifatida juda quvontiradi.

Sir emaski, so‘nggi yillarda barchamizga Yangi O‘zbekiston sharoitida maktabgacha va maktab ta’limiga bo‘lgan e’tibor bir necha barobar ortdi. Jumladan, mazkur soha uchun mablag‘ 7 karra oshgani, joriy yilda esa 60 trillion so‘m yo‘naltirilayotgani, maktablarda 1 millionga yaqin,

bog‘chalarda 1,5 million yangi o‘rinlar yaratilgani, bog‘cha bilan qamrov 3 karra oshib, 78 foizga yetgani, malaka, til bilish, yangi baholash tizimi, fan olimpiadalari kabi mezonlar asosida o‘qituvchilarga 10 dan ortiq ustama joriy qilingani, bog‘cha tarbiyachilari oyligi 65 foizga oshib, maktab o‘qituvchilari maoshiga tenglashgani fikrimiz dalilidir.

«Prezident iqtidorli farzandlari» milliy dasturini boshlash va «Garvardchilar maktabi»ni ochish bo‘yicha Farmon imzolangani, Al-Beruniy nomidagi xalqaro maktab tashkil etilishi, bu maktabga bu yil 8-sinf bitiruvchilaridan 60 nafari saralab olinib, xalqaro maktabda «Top-10» oliygohlariga maqsadli tayyorlanishi haqidagi fikrlar ixtisoslashtirilgan maktab rahbari sifatida menga va jamoamga juda katta mas’uliyat yukladi, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Yurtboshimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan o‘quvchilar uchun Al-Beruniy nomidagi xalqaro maktabning tashkil etilishi yana bir katta imkoniyatlar eshigini ochdi. Bundan tashqari, Prezident va ixtisoslashtirilgan maktablardan 208 nafar maslahatchi umumta’lim maktablariga biriktirilib, Milliy dastur asosida maslahatchilar maktablardan har yili eng salohiyatli 3 ming o‘quvchini tanlab olib, AQShning Garvard, Yel, Kolumbiya, Kornel kabi oliygohlariga tayyorlaydi. Bunday yuksak imkoniyatlardan oqilona foydalanish har o‘g‘il-qizdan tinimsiz mehnat, bor kuch va imkoniyatlarni ishga solishni talab qiladi.

Xo‘sh, endi biz, pedagoglar nima qilishimiz kerak? Maqsad aniq, reja tayyor, imkoniyatlar yetarli. Faqat shu maqsad sari o‘z shogirdlarimizni, yurtimizning kelajagi bo‘lgan yoshlarni yuqoridagi imkoniyatlardan to‘laqonli foydalanishlari uchun bor bilim va salohiyatimizni ishga solib, g‘ayrat va shijoat, fidoyilik bilan mehnat qilishimiz, Yurtboshimiz orzu qilgandek, bilimli, intellektual salohiyatli, vatanparvar kadrlarni tayyorlashga o‘z hissamizni qo‘shishimiz kerak. Bu yo‘lda barcha o‘z hamkasblarim, jonkuyar pedagoglarni birdamlikka, shijoat va mas’uliyat bilan o‘z kasblariga yondashishlariga chorlab qolaman.

Fotimaxon HUSANOVA,

xalq deputatlari Namangan viloyati Kengashi deputati.