FIZIKA – TABIAT HAQIDAGI FAN
Odamlar qadim zamonlardan beri tabiatda bo‘ladigan hodisalarni sistematik kuzatib, hodisalar ketmaketligini aniqlashga intildilar va tabiatda bo‘ladigan ko‘pgina hodisalarni, masalan, yil fasllarining almashinishi, daryolarning toshishi va boshqalarni oldindan bilishga o‘rgandilar. Ular o‘zlarining bu bilimlaridan ekish, hosilni yig‘ib olish va hokazolarda foydalandilar.
Odamlar asta-sekin tabiat hodisalarini o‘rganish ularga bebaho foyda keltirayotganiga ishonch hosil qildilar. O‘z hayotlarini tabiat hodisalarini o‘rganishga, oldingi avlodlarning tajribalarini umumlashtirishga bag‘ishlagan olimlar paydo bo‘ldi. Ular kuzatish va tajribalar natijalarini yozib borib, o‘z bilimlarini shogirdlariga berdilar. Dastlab olimlar «fidoyi» bo‘lganlar, ularning bilimlari o‘z xalqlarini tobe holda tutishga xizmat qilgan. Olimlar o‘zlari belgilar asosida yozganlar va shunday shogirdlarni tanlab olishganki, ular o‘z bilimlarini yashirin saqlashlari kerak edi. Xalq mulkiga aylanib qolgan tabiat hodisalari to‘g‘risidagi birinchi kitob Qadimgi Yunonistonda yuzaga kelgan bo‘lsa kerak.
Bu esa mamlakatda fanning tez rivojlanishiga va ko‘plab olimlarning yetishib chiqishiga imkon berdi. Yunoncha «fyuzis» so‘zi tarjimada «tabiat» so‘zini bildiradi, shuning uchun tabiat to‘g‘risidagi fan fizika deb ataladi. Fizika XVII asrdan boshlab tez rivojlandi. Undan asta-sekin tabiat haqidagi yangi fanlar, masalan, kimyo fani ajralib chiqa boshladi. Tabiat hodisalarini o‘rganuvchi barcha fanlar tabiiy fanlar deb atala boshlandi. Tabiat hodisalarini ko‘p yillik o‘rganish olimlarni bizni o‘rab turgan olamning moddiyligi to‘g‘risidagi g‘oyaga olib keldi.
Materiya, ilmiy til bilan aytganda, bizning ongimizdan tashqarida mavjud bo‘lib, bizda sezgi uyg‘otuvchi obyektiv reallikdir. Shunday qilib, tabiatdagi barcha real borliq (bizning tasavvurimizdan tashqarida) moddiydir. Materiya faqat modda shaklida mavjud bo‘lib qolmasdan, balki boshqa shakllarda ham mavjud bo‘ladi. Masalan, radioto‘lqin va yorug‘lik nurini modda deb atash mumkin emas. Ular materiyaning maxsus ko‘rinishidan iborat bo‘lib, elektromagnit maydon deb ataladi. Bizni o‘rab turgan olamni o‘rganish materiya har doim harakatda ekanligini ko‘rsatdi. Tabiatda bo‘ladigan har qanday o‘zgarish materiyaning harakatini ifodalaydi. Materiya harakatining eng umumiy shakllari fizik harakat deb ataladi. Unga materiya harakatining mexanik, issiqlik, elektromagnit, atom ichi va yadro ichi shakllari kiradi. Hozirgi zamon fizikasi materiya harakatining turli shakllarini, ularning o‘zaro bir-biriga aylanishini, shuningdek, modda va maydon xossalarini o‘rganadi.
Muhayyo ERGASHEVA,
1-sonli politexnikumning fizika fani o‘qituvchisi.

