FIZIKA FANI NIMA UCHUN KERAK?

Fizika bu faqat murakkab formulalardan iborat emas. U ko‘z oldimizda turgan har bir jismda aks etgan. Fizika bu tabiat haqidagi fan. U tabiatda yuz berayotgan barcha hodisa va jarayonlarni o‘rganadi. Shuning uchun fizikani hayotdan ajratib tasavvur qilib bo‘lmaydi. Biz har soniyada fizika bilan yashaymiz. Hayotimizning ajralmas qismi bo‘lib qolgan gadjetlar, og‘irimizni yengil qilib turgan mashina va texnika vositalari, eng avvalo, fizikaning mahsuli hisoblanadi. Har bir inson xohlaydimi-yo‘qmi, hayoti davomida albatta fizikaga duch keladi. Ammo bu fanga nisbatan murakkab fan sifatida qaralishi ayni haqiqat. Aslini olganda fizika eng qiziqarli va ayni paytda har qanday mamlakat taraqqiyoti uchun asos bo‘ladigan tarmoqlar rivojlanishiga yo‘l ochadigan sohadir.

Fizika sohasidagi har bir yutuq va kashfiyot bevosita insoniyat taraqqiyoti uchun xizmat qiladi. Fizikaning rivojlanishi ishlab chiqarish, iqtisodiyot, umuman mamlakat taraqqiyoti uchun muhim bo‘lgan tarmoqlarning rivojlanish darajasiga ta’sir ko‘rsatadi. Masalan, fizikada ma’lum bir kashfiyot yaratilgandan so‘ng, uni ishlab chiqarishga tatbiq etish bilan shug‘ullanuvchi mutaxassislar maydonga chiqadi va insoniyatning og‘irini yengil qiluvchi uskunalar yaratiladi. Atom va yadro fizikasi sohasidagi kashfiyotlar atom energiyasidan foydalanish imkoniyatlarini berdi. Yarim o‘tkazgichlarning kashf qilinishi electron hisoblash texnikasida muhim o‘zgarishlar sodir bo‘lishiga olib keldi. Kosmosning o‘zlashtirilishi dunyoning istalgan chekkasidan ma’lumotlarni uzatish, lazer nurlarining kashf qilinishi esa undan texnikada va sog‘liqni saqlash sohalarida foydalanish imkonini berdi. Fizikaning inson hayotidagi o‘rni nihoyatda beqiyos.

Bugungi shiddat bilan o‘zgarib borayotgan zamonda fizika faniga talab kun sayin oshib borsa, oshadiki, aslo kamaymaydi. Chunki mamlakat taraqqiyoti uchun muhim bo‘lgan tarmoqlar tabiiy fanlar vositasida rivojlanadi.

Dilafruz MALIKBOYEVA,

1-sonli politexnikumning fizika fani o‘qituvchisi.