MUHIM HUQUQIY QADAM
2024-yil 4-dekabrda qabul qilingan «O’zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga qo’shimchalar va o’zgartirish kiritish to’g’risida»gi O’zbekiston Respublikasining Qonuniga ko’ra, O’zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga kiritilgan 66-bob – «Xorijiy davlat sudining qarorini tan olish va ijroga qaratish. Ozodlikdan mahrum etilgan shaxsni jazoni o’tashni davom ettirish uchun, shuningdek o’ziga nisbatan tibbiy yo’sindagi majburlov chorasi qo’llanilgan shaxsni majburiy davolashni davom ettirish uchun qabul qilish olish va xorijiy davlatga berish» deb nomlangan yangi huquqiy asos yaratildi.
Bu bob nafaqat huquqiy mexanizm sifatida, balki inson qadri, adolat va insonparvarlik tamoyillarini o’zida mujassam etgan holda mamlakatimiz huquq tizimida muhim yangilik sifatida namoyon bo’ldi.
66-bobning asosiy mohiyati jinoyatchi shaxslarni yoki ruhiy nosog’lom holatda bo’lgan bemorlarni jazoni o’tash yoki majburiy davolanishni davom ettirish uchun o’z vatanlariga topshirish tartibini belgilashdir. Bu insonparvarlik prinsiplariga asoslangan muhim huquqiy qadam bo’lib, jinoyatchi yoki bemor shaxs faqat chet elda qamoqda yoki shifoxonada saqlanmaydi, balki ularni O’zbekistonga qaytarish va bu yerda jazo yoki davolanishni davom ettirish imkoni yaratiladi.
Bir so’z bilan aytganda, O’zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga kiritilgan 66-bob nafaqat huquqiy islohotlarning, balki insonparvarlik va xalqaro adolat prinsiplarining ifodasi sifatida ham alohida ahamiyat kasb etadi. Qolaversa, qonunchilikdagi ushbu muhim qadam O’zbekistonning xalqaro huquqiy munosabatlardagi faolligini, inson huquqlariga bo’lgan yuksak munosabatini va jazoni ijro etishda insonparvarlik prinsiplariga sodiqligini yana bir bor tasdiqlaydi.
Alisher ABDUMAJIDOV,
Namangan shahar prokurorining katta yordamchisi.

