XODIMNI ISHDAN BO‘SHATISH ASOSLARI

Agar xodim ishga qabul qilishga doir qoidalar buzilgan holda ishga qabul qilingan bo’lsa, bu qoidabuzarlikni bartaraf etish imkoni bo’lmasa va bu qoidabuzarlik ishni davom ettirishga to’sqinlik qilsa, xodimni MKning 168-moddasi birinchi qismi 4-bandiga asosan ishdan bo’shatish mumkin. Bu asos mehnat shartnomasini taraflarning ixtiyoriga bog’liq bo’lmagan holatlarga ko’ra bekor qilish asoslaridan biridir. Xoh mehnat to’g’risidagi qonunchilikda bo’lsin, xoh mehnatga doir ichki huquqiy hujjatlarda bo’lsin, ishga qabul qilishga oid aniq bir qoida belgilanganmi va xodimni ishga qabul qilishda shu qoida buzilganmi, bu vaziyat yuqoridagi asosga tushib qolishi mumkin.
Oliy sud Plenumining 26-sonli qarori 52-bandida mehnat shartnomasining MKning 168-moddasi birinchi qismi 4-bandiga asosan bekor qilishga asos bo’ladigan uchta holat ko’rsatilgan.
Ushbu bandda «bunday hollarga, xususan, quyidagilar kiradi:
– sud hukmiga ko’ra ma’lum mansabni egallash yoki ma’lum faoliyat bilan shug’ullanish huquqidan mahrum qilingan shaxslarni sud tomonidan tayinlangan vaqt davomida ishga qabul qilish;
– bir davlat tashkilotida o’zaro yaqin qarindosh yoki quda tomonidan qarindosh bo’lgan shaxslarni, basharti ulardan biri ikkinchisiga bevosita bo’ysunib yoki uning nazorati ostida xizmat qiladigan bo’lsa, ishga (xizmatga) qabul qilish (MKning 121-moddasi);
– mehnat qonunchiligi bilan voyaga yetmaganlarni jalb qilish taqiqlangan ishlarga qabul qilish.
Bir qarashda «MKning 168-moddasi birinchi qismi 4-bandi bilan ishdan bo’shatishga tortadigan hollar faqatgina ana shu 3 ta holatdan iborat xolos, ulardan boshqa holatlar bu asosga tortmaydi», degan fikr tug’ilishi mumkin. Yo’q, unday emas, azizlar.
Shokirjon DADABOYEV,
tuman adliya bo’limi YXKM bosh yuriskonsulti.