OLIY TA’LIMDA O’QISH MUNOSABATI BILAN QO’SHIMCHA TA’TIL BERISH
Xodimga ikkinchi bor bakalavr darajasini olish uchun MKning 385-moddasida ko’rsatilgan o’quv ta’tili berilgan. Bu davrda xodimning ish joyi hamda o’rtacha ish haqi saqlab qolgan va ish haqi to’lab berilgan. Ish beruvchi bu haqida xodimga o’quv ta’tili berish haqida buyruq chiqargan va bu buyruqqa OTMning xatini va xodimning arizasini asos qilib olgan.
Biroq, orada tekshiruvchilar kelib, xodimning ushbu o’qishi MKning 386-moddasida ko’rsatilgan birinchi darajadagi ta’lim emasligini vaj qilib, MKning 385-moddasida ko’rsatilgan o’rtacha ish haqi saqlanadigan o’quv ta’tili asossiz berilgan deb e’tiroz bildirdi. Hamda o’sha ish haqi g’ayriqonuniy to’langan deb, ish beruvchidan bu summalarni ortga qaytarishni talab qildi.
To’g’ri, MKning 386-moddasida “ishni o’qish bilan birga olib borayotgan xodimlarga kafolatlar va kompensatsiyalar birinchi marta tegishli darajadagi ta’lim olayotganda beriladi” deyilgan. Ya’ni, bu qoida bilan MKning 385-moddasidagi ish haqi saqlanadigan o’quv ta’tilini tegishli darajadagi ta’limni birinchi marta olayotganlarga berilishi belgilanib, ushbu imtiyozni tegishli darajadagi ta’limni ikkinchi yoki uchinchi bor olayotganlarga berilishi haqida aytilmagan. Shu sababli, ko’pchilik bakalavr darajasiga ega xodimni, boshqa yo’nalish bo’yicha bakalavr darajasini olmoqchi bo’lsa ham bu imtiyozlar berilmasligini aytmoqda. Chunki keyingisi ikkinchisi bo’ladiku, demoqda ular.
Biroq, MKning 386-moddasidagi yuqoridagi qoidadan so’ng mana bunday qoida ham bor: “mazkur kafolatlar va kompensatsiyalar, shuningdek, tegishli darajadagi ta’lim olgan hamda ish beruvchi tomonidan ichki hujjatlar, mehnat shartnomasi yoki ish beruvchi va xodim o’rtasida tuzilgan alohida kelishuvga muvofiq ta’lim olishga yuborilgan xodimlarga ham berilishi mumkin”.
Bilasizmi, bu qoida xuddiki “mumkin emas, biroq mumkin” degandek yozilgan, juda ajabtovur qoida bu. Chunki undagi mazmunga ko’ra, tegishli darajadagi ta’lim olib bo’lgan shaxslarga ham ikkinchi yoki uchinchisi uchun tashkilotning ichki hujjatlari, mehnat shartnomasi yoki o’rtadagi kelishuvga ko’ra, o’rtacha ish haqi saqlanadigan o’quv ta’tili berilishi mumkinligi aytilmoqda. Ya’ni masalan, ish beruvchining ichki hujjati bilan ham berilishi mumkin ekan.
Ish beruvchi xodimni tegishli darajadagi keyingi ta’limi uchun ham istasa-istamasa o’quv ta’tili berish haqida buyruq chiqaradiku, to’g’rimi? Ana shu buyrug’i ham MKning 12-moddasiga asosan ichki hujjat hisoblanadi. Asoslaymiz, MKning 12-moddasida mehnatga doir huquqiy hujjatlardan biriga: “ichki hujjatlar, shu jumladan, ish beruvchi o’z vakolatlari doirasida yakka o’zi qabul qiladigan yakka tartibdagi huquqiy hujjatlar” kirishi belgilangan. MKning 18-moddasida esa ish beruvchining yakka tartibdagi hujjatlariga uning “buyruqlari, farmoyishlari, qarorlari” kirishi ko’rsatilgan.
Demak, ish beruvchining xodimni o’qishga yuborish va o’quv ta’tili berish haqidagi yakka tartibda chiqargan buyrug’i ham ichki hujjat hisoblanadi. Bunday buyruq bilan tegishli darajadagi ta’limni olib bo’lgan xodimni yana bir bor shu darajadagi ta’limni olish uchun o’rtacha ish haqi saqlangan holda o’quv ta’tili berish qonuniy bo’lib chiqyapti. Bekordan-bekorga biz mehnat qonunchiligini egiluvchan demaymiz.
Shokirjon DADABOYEV,
Odiljon BOYXONOV,
tuman adliya bo’limi YXKM bosh yuriskonsultlari.

