BARCHA TASHKILOTLARDA JAMOA SHARTNOMASI TUZILISHI MAJBURIYMI?
BARCHA TASHKILOTLARDA JAMOA SHARTNOMASI TUZILISHI MAJBURIYMI?
Murakkab va mavhum ko’ringan qoidalar bo’yicha huquqiy munozaralar bo’lib turishi kerak. Bu aslida juda foydali. Chunki munozara natijasida muayyan bir masalaga aniqlik kiritiladi va yakuniy hulosaga kelinadi.
Masalan, orada biz “tashkilotlar uchun jamoa shartnomasi bo’lishi majburiymi” degan savolni bekordan-bekorga munozaraga tashlamadik. Bizdagi fikr aniq edi: “qonunchilik tashkilotda jamoa shartnomasi tuzishni majburiy deb hisoblamaydi”. Lekin, amaliyotda chalkashliklar bor edi, mehnat huquqi sohasiga aloqador ko’plab rasmiylarda, ayniqsa, shu masalada qarorlar qabul qiluvchi vakolatli davlat organlarining ayrim vakillarida boshqacha fikrlar bor edi.
Misol uchun, ayrim mehnat inspektorlarida va ba’zi sudьyalarda “jamoa shartnomasi tuzilishi majburiy” degan xato fikr borligini kuzatayotgan edik. Bu joylarda aybsiz bo’lgan ish beruvchilarga nisbatan asossiz jarimalar qo’llanilishiga yoki qonuniy bo’shatilgan xodimlarning asossiz tiklanishiga sabab bo’lardi. Xatto, Bandlik vazirligining o’zida ham bu masalada ikki xil qarashlar borligi ma’lum edi bizga.
Hamma bir ovozdan “qonunchilik tashkilotlarda jamoa shartnomasi tuzishni majburiy deb hisoblamaydi” degan fikrimizga qo’shildi.
Albatta biz, bu chiqishlarimiz orqali taraflarni jamoa shartnomasi tuzmaslikka chaqirmoqchi emasmiz, aslida jamoa shartnomasi bo’lishi tashkilotda mehnat samaradorligini oshiradi. Juda foydali va ahamiyati beqiyos bu hujjatning.
Asosiy maqsadimiz, haqiqiy holatga aniqlik kiritish va shunday hujjat tuzilmagan ekan deb, tashkilot rahbarlarini yo’q joydan javobgar qilishlarining oldini olishdir.
Umid qilamizki, bu mavzuda boshqacha fikrda bo’lgan do’stlarimiz o’z fikrlarini to’g’ri tomonga o’zgartirib olishadi.
Shokirjon DADABOYEV,
tuman adliya bo’limi YXKM bosh yuriskonsulti.

