QOROVULGA MKning 401-MODDASI BO’YICHA QO’SHIMCHA TA’TIL BERILADIMI

MK 401-moddasiga ko‘ra, 12 yoshga to‘lmagan 2 va undan ortiq bolaning yoki 16 yoshga to‘lmagan nogironligi bo‘lgan bolaning ota-onasidan biriga (ota-ona o‘rnini bosuvchi shaxsga) har yili davomiyligi kamida 4 kalendar kun bo‘lgan haq to‘lanadigan qo‘shimcha ta’til beriladi.

Lekin MK 222-moddasi 2-qismini noto’g’ri talqin qilinib, pedagoglarga 4 kun ta’til amalda berilmayapti. Buni g’ayriqonuniy deb hisoblayman. Lekin o’z amaliyotimda sud tartibida ushbu ta’tilni pedadoglarga olib berdim. Bu haqida batafsil ushbu postda to’xtalib o’tganman https://t.me/mehnathuquqi/12621

Amaliyotda pedagog xodim 4 kun ta’tildan foydalana olmayotgan ekan, uning eri bu ta’tildan foydalanishi mumkin. Ya’ni savoldagi holatda maktab qorovuli ushbu 4 kun ta’tildan foydalanishi mumkin.

MK 410-moddasiga ko’ra, ushbu Kodeksda bolaning otasiga yoki oilaviy vazifalarni bajarish bilan mashgʻul boshqa shaxslarga (onadan tashqari) mehnat sohasida qoʻshimcha kafolatlar nazarda tutilgan hollarda, ular bolaning onasi yoki oilaviy vazifalarni bajarish bilan mashgʻul boshqa shaxs bu kafolatlardan foydalanmayotganligini tasdiqlovchi hujjatni (ish joyidan maʼlumotnomani, oʻlim toʻgʻrisidagi guvohnomani, ona va oilaviy vazifalarni bajarish bilan mashgʻul boshqa shaxs muomalaga layoqatsiz deb topilganligi toʻgʻrisidagi qonuniy kuchga kirgan yoki ota-onalik huquqidan mahrum qilish haqidagi qonuniy kuchga kirgan sud qarorini va hokazolarni) ish beruvchiga ish joyi boʻyicha taqdim etishi kerak.

Agar bolaning onasi ishlamasa hamda bolaning parvarishi va tarbiyasi bilan mashgʻul boʻlsa yoxud ishlasa hamda ushbu paragrafda nazarda tutilgan kafolatlardan foydalansa, otaga yoki oilaviy vazifalarni bajarish bilan mashgʻul boshqa shaxslarga mazkur kafolatlar berilmaydi.

Endi tabiiyki savol tug’iladi. Qorovulning xotini shu maktabda ishlasa, ayolining ish joyidan maʼlumotnoma shartmi? Mantiqan olib qarasak, ma’lumotnoma shart emasdek. Lekin MK 410-moddasida alohida istisno holat mavjud emas, shuning uchun ertaga ortiqcha muammo bo’lmasligi uchun, buyruqqa asos sifatida xodimning arizasi hamda ish joyidan maʼlumotnomani ilova qilib ketish kerak.

Махмudjon HAYDAROV,
тuman yuridik xizmat ko’rsatish markazi boshlig’i.