SAVOL BERING – JAVOB BERAMIZ

Savol: TURMUSH O’RTOG’IM QAMALGAN, NIKOHNI QANDAY BEKOR QILSA BO’LADI?

SAVOLga : tuman adliya bo’limi YXKM bosh yurist konsultlari D.Temirov va O.Boyxonovlar javob beradi.

Meni savolim shundan iboratki, meni turmush o’rtog’im juda ko’p ichib, ko’p noto’g’ri ishlar qilardi.. Hozirda ushbu qilmishlari oqibatida 4 yilga qamalib ketdi. Farzandlarimni o’zim mardikor ishlab boqaman. Men turmush o’rtog’im bilan nikoh shartnomasini FHDYo bo’limida bekor qilsam bo’ladimi yoki sudga borishim kerakmi? Iltimos menga osonroq tartibini tushuntirib bersangiz.

JAVOB.Oila Kodeksining 43-moddasida er-xotindan birining arizasi bo’yicha fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlarida nikohdan ajratish tartibi aniq belgilab qo’yilgan.

Bunda agar er-xotindan biri:

– sud tomonidan bedarak yo’qolgan deb topilgan bo’lsa;

– sud tomonidan ruhiyati buzilishi (ruhiy kasalligi yoki aqli zaifligi) sababli muomalaga layoqatsiz deb topilgan bo’lsa;

– sodir qilgan jinoyati uchun 3 yildan kam bo’lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilingan bo’lsa, o’rtada voyaga yetmagan bolalari borligidan qat’iy nazar, er-xotindan birining arizasiga ko’ra ular fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlarida nikohdan ajratiladi- deb belgilangan.

Hozirda sizning vaziyatingiz yuqoridagi 3-holatga to’g’ri kelmoqda.

Ya’ni siz turmush o’rtog’ingiz bilan tuzilgan nikohni uning 3 yildan ko’p muddatga ozodlikdan mahrum qilinganligi uchun to’g’ridan-to’g’ri ariza berib, FHDY bo’limi orqali bekor qilishingiz mumkin.