TO`G`RI OVQATLANISH VA SOG`LOM TURMUSH TARZI
Kimsakim topmagay taom ila bahr,
No’sh qilg’ay taom o’rniga zahr.
Alisher Navoiy.
Xalqimiz: «Bo’sh qop tik turmaydi», -deb bejiz aytmagan. Odam vaqtida ovqatlanmasa, o’zini bardam va tetik his etolmaydi, albatta. Biroq ovqatlanishning ham tartib-qoidasi bor. Nima duch kelsa, o’shani yeb, qorinni to’ydirib ketaverishdan ko’ra, mijozimizga mos tushadigan, sog’ligimizni mustahkamlaydigan taomlar, noz-ne’matlarni iste’mol qilishimizda xosiyat ko’p. Ishtahasi «karnay»lar yaxshi ovqatni ham me’yordan orttirib yesalar, nafidan ziyoni ko’proq bo’ladi. Shunda ular nafsi buzuqlikdan tiyilishi kerak. Odatda iste’moldagi mahsulotlarning yoqish-yoqmasligi jihatini ham e’tibordan qochirmaslik lozim. Masalan, bir kishi suyub yeydigan ovqat, ikkinchi kishiga ma’qul tushmasligi hayotiy haqiqat. Lekin, afsuski, nafsning so’ziga kirib, yoqqan narsani paqqos tushiravermaslik ham kerak, aks holda bor-bora sog’likka zarar etadi yoki aksincha, yoqmaydigan ba’zi narsalar ham aslida biz uchun g’oyatda foydali bo’lishi ham mumkin. Shuni o’ylagan holda ularni yeyishga yoki ichishga o’zimizni o’zimiz dastlab odatlantirisimiz maqsadga muvofiq. Keyin-keyin o’rganib qolishimiz ehtimoldan holi emas.
«Ovqatlanish tadbiri» to’g’risida Abu Ali Ibn Sino alohida tavsiyalar bergan. Taqiqlar ham tavsiyalardek juda kerakli. Agar biz har ikkisidan imkon qadar voqiflansak -xabardorligimizdan faqat yutamiz. Negaki, dasturxon atrofida o’tirganda ham tanlab yeyishni ham, ularni qaysisi avval qaysinisi keyin iste’mol qilinishini ham, hatto miqdorini ham bilib olsak, sog’ligimizga putur yetishiga yo’l qo’ymaymiz. Bilaks yeganimiz ichimizga botadi, tanamizga yuqadi, faqat oshqozonimizni to’ldirmaydi, ayni vaqtda to’yinamiz ham, mazasidan lazzatlanamiz ham. Xuzur-halovatimiz aslo buzilmaydi.
Sog’lom ovqatlanish insonning hayot faoliyati, me’yoriy o’sihi va rivojlanishini ta’minlaydi, uning salomatligini mustahkamlaydi hamda kasallikning oldini olishda yordam beradi.
Ovqatlanishning oltin qoidalari:
-doimiy va uzoq vaqt bir xil turdagi ovqat mahsulotlarini iste’mol qilishdan saqlanish;
-har doim o’z vaqtida ovqatlanish;
-iste’mol qilinayotgan ovqat mahsulotlari toza, muddati o’tmagan va yetarli darajada texnik qayta ishlovdan o’tgan bo’lishi;
-doimiy ravishda yuqori kalloriyali, yog’li ovqat mahsulotlarini iste’mol qilishdan saqlanish;
-iste’mol qilinayotgan ovqat mahsulotining harorati me’yorda bo’lishi lozim, o’ta issiq va sovuq holda iste’mol qilish sog’liq uchun zararli hisoblanadi.
Sog’lom ovqatlanishga rioya qilmaslik semizlik, yurak qon-tomir, oshqozon ichak, asab va buyrak tizimi kasalliklariga sabab bo’ladi.
Sog’lom ovqatlanishning 12 tamoyili:
- Kuniga har xil oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol qilish.
- Kuniga bir necha mahal har xil meva va sabzavotlar, yaxshisi yangi uzilgan mevalar va sabzavotlarni iste’mol qilish.
- Non va yirik un mahsulotlari, yorma va kartoshka har kuni iste’mol qilinishi.
- Ovqat bilan qabul qilinayotgan yog’ miqdorini nazorat qiling.
- Imkoni boricha yog’li go’shtni yog’siz go’hstga almashtiring hamda dukkakli, baliq, tovuq mahsulotlarini iste’mol qiling.
- Yog’ miqdori kam bo’lgan sut iching, shuningdek tarkibida yog’ miqdori kam bo’lgan qatiq, suzma, tvorog va pishloq kabi sut mahsulotlarini ko’proq iste’mol qiling.
- Tarkibida qand miqdori kam bo’lgan oziq-ovqat mahsulotlarini tanlang va shirinlik hamda shirin ichimliklar iste’molini chegaralash orqali qand miqdorini kamaytiring.
- Tuzni kamroq iste’mol qilish tuzning umumiy miqdori kuniga bir choy qoshiq -5 grammdan oshmasligi, faqat yodlangan osh tuzini iste’mol qilish lozim.
- Ovqatlnayotganda choy ichmang. Choy o’rniga tabiiy sharbatlar yoki qaynatilgan suv iching. Choyni asosiy ovqatlanishlar oralig’idagi tanaffuslarda iste’mol qiling.
- Ovqat tayyorlash jarayoni va uning xavfsizligini ta’minlash lozim. Taomni dimlab yoki qaynatib pishirish, uning xavfsizligini ta’minlash bilan birga taom tayyorlash jarayonida sarflangan yog’, tuz va shakar miqdorini kamaytirish imkonini beradi.
- Hayotning dastlabki 6 oy davomida bolani faqat ko’krak suti bilan boqish. Bolani 2 yoshgacha emizishga harakat qilish va qo’shimcha ovqatlanishga asta-sekinlik bilan o’rgatish.
- Tana vaznini nazorat qilish va jismoniy faol bo’lish, kuniga kamida 30 daqiqa, o’zingizga mos jismoniy mashqlar bajarish kerak.
Jahon sog’liqni saqlash tashkilotlarining ma’lumotlariga ko’ra, jismoniy faollik hamda ovqatlanish me’yor va qoidalarga amal qilmaslik, tarkibida tuz, qand, yog’ miqdori ko’p bo’lgan taom va shirinliklarni me’yoridan ortiq iste’mol qilish, shuningdek, yetarli darajada vitamin va minerallar iste’mol qilmaslik oqibatida yoshlarda rasional o’sish va aqliy rivojlanishda ortda qolish, kattalarda esa yurak-qon tomir, endokrin, xavfli o’sma kabi insonning erta o’limiga olib keluvchi qator kasalliklarning rivojlanishiga sabab bo’ladi.
Shu bilan birga, koronavirus pandemiyasi oqibatlaridan olingan saboqlar kasallikning og’irligi va o’lim holatlarining katta qismi noto’g’ri turmush tarzi tufayli kelib chiqadigan yo’ldosh kasalliklar bilan chambarchas bog’liqligini ko’rsatadi. Aholining sog’lom ovqatlanishi va jismoniy faolligini ta’minlashda davlat siyosatini yanada mustahkamlash, yuqumli kasaliklarning oldini olish uchun bir qancha ishlar amalga oshirildi.
Dunyo buyuklarining zamon va makon bilmas ijodiy merosi bashariyat uchun hamisha saboq, ibrat va da’vat maqomida barqaror bo’lib turaveradi. Hazrat Navoiy sog’likni asrashning birinchisi bu to’g’ri ovqatlanish deb bilgan, mehnat qilish, yani sport bilan shug’ullanishni ta’kidlaganlar. Navoiy bilardiki, qo’lida dori-darmoni yo’q, go’yoki kamon-yoysiz mergan ovchidek ojiz turaveradi. Bemor tanasini egallayotgan «yov»ni daf etishga qurbi yetmaydi. U davrda xalqda doimo dori-darmon turmagan ,shuning uchun birinchi o’rinda inson o’zini asrashi va to’g’ri ovqatlanishi, oz-ozdan yemoqligi ta’kidlangan.
«Oldiga qo’yganni yemoq hayvonning ishi,
Og’ziga kelganni demoq nodonning ishi».
Nafsni tiyish juda ham ko’p kasalliklarning oldini olishi ta’kidlab o’tilgan.
Shu o’rinda ovqatdan zaharlanish haqida. «Tibbiyot ensiklopediyasi»da yozilganday: «Ovqatdan zaharlanish – mikroblar bilan zararlangan oziq-ovqat mahsulotlari iste’mol qilinganda vujudga keladi. Aksariyat birdan ko’pchilik zaharlanadi. Kech kuz oylarida berkitilgan bankalar – sabzavotli tuzlamalar, mevali sharbatlar dasturxonimizni bezaydi, ammo ba’zan undan inson zaharlanib dog’da qolishi ham mumkin. Buni tibbiyotda botulizm deyiladi. Zaharlanish – og’ir holat. Uni boshdan o’tkazgandan ko’ra oldini olgan ma’qul, deb o’ylayman. Sog’lom yoshlargina yurtimiz kelajagi bo’la oladi. Yoshlarga ota-onalar birinchi o’rinda yoshligidan to’g’ri ovqatlanishni, sport bilan shug’ullanishni tushuntirib o’tishlari lozim. O’sib kelayotgan bolalarga to’g’ri ovqatlanish juda muhim ekanligini tushuntirib borish joizdir. Zeroki, vaqtida to’g’ri ovqatlanish bir qancha kasalliklarning oldini olishi mumkin. Maktab va bog’chalarda ham to’g’ri ovqatlanishni har-xil o’yinlar orqali tushuntirib borish lozim.
Sog’lom yurishning ovqat va ovqatlanish bilan bog’liq ekanligini ko’rdik. Asli yorug’ olamda yeyishga arzigulik ne’matlar ko’p ekanligi faqat ularning xususiyatlarini yaxshi bilgan holda qay vaqtda va qanday holatda iste’mol qilish kerakligini bilish barchamiz uchun zarur. Zeroki, sog’ligimiz o’z qo’limizda ekanligini tushunib yetsak bas! To’g’ri ovqatlanishga doimo rioya qilaylik, shundagina o’z tanamizni asrab, ozor bermagan bo’lamiz.
Rayhona MUHAMMADJONOVA,
39-maktabning 8-«B» sinf o’quvchisi. (insho qisqartirib olindi).

