FUQAROLIK HOLATI DALOLATNOMA YOZUVLARIGA O`ZGARTIRISH, TUZATISH VA QO`SHIMCHALAR

Oila kodeksining 228-moddasiga asosan O`zbekiston Respespublikasi hududida tuzilgan dalolatnoma yozuvlariga o‘zgartirishlar, tuzatishlar va qo‘shimchalar kiritish yetarli asoslar mavjud bo‘lganda va manfaatdor shaxslar o‘rtasida nizo bo‘lmaganda, ushbu yozuvlar saqlanayotgan joydagi, agar ular O‘zbekiston Respublikasi hududida tuzilgan bo‘lsa, FHDY organi tomonidan amalga oshiriladi. Hozirgi kunda fuqarolar ekstrateritorial tamoyili asosida doimiy yashash joyidagi yoki vaqtincha yashash joyidagi o`zlariga qulay bo`lgan FHDY bo`limiga murojaat qilishlari mumkin.
– 16 yoshga to‘lgan shaxslarning tug‘ilish, nikoh tuzish, nikohdan ajralishni qayd etish daftarlariga o‘zgartirishlar kiritish ularning arizalariga binoan amalga oshiriladi;
– 16 yoshga to‘lmagan shaxslarning tug‘ilish haqidagi yozuvlar daftariga o‘zgartirishlar kiritish ular ota-onasining birgalikdagi arizasiga asosan amalga oshiriladi;
– O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida tuzilgan fuqarolik holati dalolatnomalari yozuvlariga tuzatishlar kiritish haqidagi arizalar ariza beruvchining yashash joyidagi FHDY organida ko‘rib chiqiladi;
– O‘zbekiston Respublikasining chet elda turuvchi fuqarolarining dalolatnoma yozuvlariga o‘zgartirishlar, tuzatishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi arizalari qonunlarda belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasining konsullik muassasalari tomonidan ko‘rib chiqiladi.

Dalolatnoma yozuvlariga o‘zgartirishlar, tuzatishlar va qo‘shimchalar kiritish asoslari quyidagilardan biri bo`lishi mumkin:
– tarixiy va milliy an’analarga rioya qilish maqsadida familiyasi, ismi, otasining ismini yozdirish istagi bo‘lganda;
– otalik belgilanganda;
– farzandlikka olinganda;
– ota-onaning o‘zaro kelishuviga ko‘ra (shuningdek, ota-ona nikohdan ajratilganda) ;
– millati o‘zgartirilganda;
– nikohda turmagan ona tomonidan bolaning otasi haqidagi ma’lumotlarni o‘zgartirish haqida ariza berilganda (bola 16 yoshga yetgunga qadar);
– sud qarori bilan otalikni belgilash haqiqiy emas deb topilganda yoki farzandlikka olish bekor qilinganda;
– ota-onasining familiyasi, ismi va otasining ismi o‘zgartirilishi munosabati bilan voyaga etmagan bolaning familiyasi va otasining ismi o‘zgartirilganda;
– imloviy xato va noaniqliklar bo‘lganda, shuningdek, tug‘ilgan vaqti, joyi va otasining ismi yozilmay qolganda;
– 16 yoshga to‘lmagan bolaning ismi va familiyasi o‘zgartirilganda, agar ismi va familiyasi ota-onasining xohishi hisobga olinmagan holda berilgan bo‘lsa;
– agar dalolatnoma yozuvida ismi qisqartirib yoki erkalatish shaklida yozilgan bo‘lsa;
– jinsi o‘zgartirilganda.
O`zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida tuzilgan fuqarolik holati dalolatnomalari yozuvlariga tuzatishlar kiritish haqidagi arizalar ariza beruvchining yashash joyidagi fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organida ko`rib chiqiladi.
Nozima KARIMOVA,
tuman FHDYО bo`limi 2-toifali inspektori.