BOLA PARVARISHLASH TA’TILI HAM STAJ BILAN BOG‘LIQ QO‘SHIMCHA TA’TILGA O‘TADIMI?
Mehnat kodeksining 220-moddasiga asosan xodimga asosiy mehnat ta’tili(21 kalendar kun)dan
tashqari, shu tashkilotdagi har 5 yillik staji uchun 2 kalendar kunlik qo‘shimcha mehnat ta’tili berilishi lozim.
Biroq bu ta’tilning eng ko‘p muddati 8 kalendar kundan ko‘p bo‘lmasligi kerak. Masala shundaki, farzandli bo‘lgan ayol xodimlar odatda bola 2 yoshgacha va 3 yoshgacha to‘lguniga qadar bola parvarishlash ta’tiliga chiqib ketadi. Shunday xodimlarni bilamizki, birinchi farzandi 3 yoshga to‘lmasidan ikkinchi farzandini tug‘adi va yana bola parvarishlash ta’tilini davom ettiradi.
Masalan, 5 yoki 6 yil davomida «dekret» ta’tilida bo‘ladi. Bizga berilayotgan savolda ana shu dekret ta’tili davri ham staj bilan bog‘liq qo‘shimcha ta’til olish uchun zarur bo‘lgan ish stajiga o‘tadimi, deyilyapti. Mehnat kodeksining 405-moddasi beshinchi qismida bolani parvarishlash ta’tillarining ko‘pi bilan 6 yili xodimning mehnat stajiga qo‘shilishi ko‘rsatilgan. Va ko‘pchilik mana shu qoidadan kelib chiqib, bola parvarishlash ta’tilining 6 yili staj bilan bog‘liq qo‘shimcha ta’tilga o‘tadi, deb o‘ylayapti.
Aslida unday emas. MKning 405-moddasi oltinchi qismida agar tashkilotning jamoa shartnomasida, ichki hujjatlarda yoki mehnat shartnomasida boshqacha qoida belgilanmagan bo‘lsa, mehnat ta’tili olish huquqini beradigan yillik stajiga bola parvarishlash ta’tili davri kiritilmasligi belgilangan.
Shunday ekan, agar tashkilotdagi jamoa shartnomasi, ichki hujjatlar hamda ish beruvchi va shu xodim o‘rtasida tuzilgan mehnat shartnomasida «kiritiladi» deyilmagan bo‘lsa, xodimning bola parvarishlash ta’tili davri staj bilan bog‘liq qo‘shimcha ta’til olish huquqini beradigan ish stajiga kirmaydi.
Sh.DADABOYEV,
tuman adliya bo‘limi YXKM bosh yuriskonsulti.

