ISH BERUVCHINING RUXSATISIZ O‘ZBOSHIMCHALIK BILAN TA’TILGA KETISH…
Xodim bo‘lim boshlig‘iga unga 10 kun ish haqi saqlanmagan ta’til kerakligini aytdi. Bo‘lim boshlig‘i kadrga murojaat qilishi kerakligini tushuntirdi. Xodim shunda ish haqi saqlanmagan ta’tilga chiqish haqida ariza yozdida, arizani kadrga berib, bir nusxasiga «oldim» deb imzo qo‘ydirib, kadr «Hay-xay» degunicha uyiga ketib qoldi.
Ertasi kuni ham, indini ham ishga kelmadi. Natijada xodim MKning 161-moddasi ikkinchi qismi 5-bandi bilan ishdan bo‘shatildi. Sababi, bir kun davomida 4 soatdan ortiq vaqt ishda bo‘lmaslik tashkilot ichki mehnat tartibi qoidalarida mehnat majburiyatlarini bir marta qo‘pol buzilishi sifatida ko‘rsatilgan edi.
Keyin nima bo‘ldi? Sudda u ish haqi saqlanmagan ta’tilga ketganligi, qo‘lida ta’tilga ketish haqidagi arizaning bir nusxasi borligi va unga kadrlar bo‘limi boshlig‘i «bir nusxasini oldim» deb imzo qo‘yganligini bildirdi.
Qo‘lidagi hujjatlarni sudga taqdim etib, uni ishga tiklashni va ish beruvchidan moddiy-ma’naviy zararlarni undirib berishni so‘radi. Sud xodimning ishga tiklash haqidagi da’vosini rad qildi.
Sababi, Oliy sud Plenumining 2023-yil 20-noyabrdagi «Sudlar tomonidan mehnat shartnomasini bekor qilishni tartibga soluvchi qonunchilikni qo‘llash amaliyoti to‘g‘risida»gi 26-sonli qarori 38-bandiga asosan ish beruvchining ruxsatisiz o‘zboshimchalik bilan ta’tilga ketish yoxud o‘zboshimchalik bilan dam olish kunlari (otgul)dan foydalanish ham uzrsiz sabablarga ko‘ra ishda bo‘lmaslik hisoblanadi.
Haqiqatdan ham, xodim ish haqi saqlanmagan ta’tilga ariza yozgan, lekin bu ariza yuzasidan ta’tilga ketishiga ish beruvchi rozilik bermagan. Xodim esa ish beruvchining rasmiy munosabatini va ruxsatini kutmasdan turib o‘zboshimchalik bilan ta’tilga ketib qolgan.
Odiljon BOYXONOV,
tuman adliya bo‘limi YXKM bosh yuriskonsulti.

