MEHNAT NIZOLARIGA OID DA’VO MUDDATI BORASIDA MUNOZARALI MASALA

Odatda xodimlar sudga ishga tiklash haqida da’vo ariza berganida, da’vo arizasida ketmaket tarzda ish beruvchining mehnat shartnomasini bekor qilish haqidagi buyrug‘ini g‘ayriqonuniy deb topish, ushbu buyruqni bekor qilish va avvalgi ishiga tiklash talablarini keltiradi.

Xodimning vajlarini asosli deb topsa, sud ham o‘z qarorida xuddi shunday «Ish beruvchining buyrug‘ini g‘ayriqonuniy deb topish, bu buyruqni bekor qilish va xodimni avvalgi lavozimiga ishga tiklash» haqida qaror chiqaradi.

Agar ishdan bo‘shatish haqidagi buyruq xodimga topshirilganiga 3 oydan oshgan bo‘lsa, ish beruvchilar MKning 560-moddasiga asosan sudga ishga tiklash bo‘yicha da’vo muddati o‘tganini vaj qilib, xodimning da’vosini rad qilishni so‘rab ariza kiritadi (yoki og‘zaki arz qilishi

mumkin).

Haqiqatan ham, bu muddat o‘tgan bo‘lsa va bu muddat o‘tishiga xodimda hech qanday uzrli sabab bo‘lmasa, sud xodimning da’vo arizasini rad qilishi mumkin. Men mehnat nizolarida qatnashadigan shaxslarning e’tiborini ayni shu vaziyatdagi qiziq va munozarali bir masalaga qaratmoqchiman.

Haqiqatdan ham, MKning 560-moddasida xodim tomonidan mehnat nizolari yuzasidan sudga murojaat qilinganida qo‘llaniladigan da’vo muddatlari ko‘rsatilgan bo‘lib, bunda:

-ishga tiklash to‘g‘risidagi nizolar bo‘yicha – xodimga mehnat shartnomasi bekor qilinganligi haqidagi buyruq nusxasi topshirilgan kundan e’tiboran 3 oy;

-boshqa mehnat nizolari bo‘yicha – xodim huquqi buzilganligi to‘g‘risida bilgan yoki bilishi kerak bo‘lgan kundan e’tiboran 6 oylik muddatda sudga murojaat qilishi kerakligi belgilangan.

Masala shundaki, agar xodim ish beruvchining mehnat shartnomasini bekor qilishga oid xatti-harakatlarini va buyrug‘ini qonunga xilof yoki haqiqiy emas deb topishni ham so‘rayotgan bo‘lsa, da’vo talabining bu qismi MKning 560-moddasida ko‘rsatilgan «boshqa mehnat nizolari» sifatida ko‘rilishi kerak. Agar bu talabni ishga tiklash emas, balki boshqa mehnat nizolari turkumiga kiritadigan bo‘lsak, da’vo talabining bu qismiga 3 oylik emas, balki 6 oylik da’vo muddati qo‘llanilishi to‘g‘ri bo‘ladi. Albatta, bu masala munozarali ekanini bilaman. Sababi, amaliyotda sudlar buyruqni g‘ayriqonuniy deb topish va uni bekor qilish talablarini shu vaqtgacha ishga tiklash talabini to‘ldiruvchi talab sifatida ko‘rib kelgan va shunga ko‘ra ularga ham 3 oylik da’vo muddatini qo‘llab kelgan.

Lekin, Mehnat kodeksiga chuqurroq kirilsa, bularni alohida-alohida talablar ekanini ko‘rish uncha mushkul emas. Bu keys yuzasidan nazariyotchilarda yoki mehnat nizolarini ko‘radigan sinchkov sudyalarimizda boshqacha fikrlar bo‘ladigan bo‘lsa, marhamat, asoslantirgan holda botga yuborishlari mumkin. Birgalikda muhokama qilishga tayyormiz.

Dilshod NE’MATOV,

tuman adliya bo‘limi boshlig‘i.