METIN IRODALI AYOL
Hayotning biz ko‘rib, bilmagan nene sir-sinoatlari bor. Ana shu kezlarda inson sabru bardoshi, irodasi toblanadi, sayqallanadi.
Qahramonim Husnora Sattarova ham yillar suronida bardoshli metinday toblanganlardan. Husnora asli Yangiqo‘rg‘onda tavallud topgan. Buni qarangki, ko‘zi ojiz bo‘lib dunyoga keldi. Biroq yoshgina qizaloq o‘zidagi bu tug‘ma nuqsonni yengib o‘tib, barcha sog‘lom bolalar bilan bir qatorda bog‘chada tarbiyalandi. Keyinchalik maxsus ko‘zi ojizlar maktab-internatida o‘qiy boshladi.
Uning qo‘shiqchilikka bo‘lgan qiziqishi adabiyotga mehrni kuchaytirdi. Husnoraning fanlarni zo‘r berib o‘zlashtirishi, maqsadiga bo‘lgan intilishi uni NamDUga yetaklab keldi. U grant asosida o‘qishga kirdi. Universitetniyam a’lo baholarga tamomladi. Turmush qurdi. Barchasi izga tushgandek edi go‘yo.
Biroq taqdirning yana boshqa imtihonlari ham bor ekan, ajabo. Oilada tug‘ilgan ikki farzand ham ko‘rish sohasida nuqsoni bilan dunyoga keldi. Husnora opa bugungi kunda farzandlariga ham hayotda kurashib yashash, maqsad yo‘lida «suv kelsa simirish – tosh kelsa, kemirish»ni o‘rgatishdan aslo tolmaydi.
Bugun men to‘rt muchasi sog‘ bo‘la turib, hech bir ishning boshini tutmagan, davlat idoralari eshigiga turvolib, «ber-ber»dan charchamaydigan insonlarni ko‘rib, ular qanchalar baxti qaro kishilar ekaniga amin bo‘laman.
Nazarimda, haqiqiy baxtli insonlar Husnora Sattarova kabi hamyurtlarimizdir. Bugun tumandagi
33-maktabda birga faoliyat yuritib kelayotgan Husnora opa men uchun mashaqqatlarni mardonavor yengib o‘tgan metin irodali ayol timsolida gavdalanadi.
Gulbahor DADABOYEVA.

