NOQONUNIY ISH – KELTIRAR TASHVISH
Bugun davr muammosiga aylanib ulgurgan giyohvandlik illati o‘zining jirkanch ko‘rinishlari bilan dunyo hamjamiyatini tashvishga solmoqda. Biz yashab turgan ko‘hna dunyoda insonga, oilaga, jamiyatga qaratilgan tahdidlardan mudhishi bu giyohvandlik sanaladi.
Asli Andijon viloyatining Jalalquduq tumanida tug‘ilgan, hozirda Toshkent shahar, Bektemir tumanida vaqtincha ijarada yashab kelayotgan A.D. 2022-yilda JKning 263-moddasi 1-qismi bilan aybli, deb topilib, unga 3 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan. Biroq u shunga qaramasdan, jazoni o‘tash davrida qasddan yangi jinoyat sodir etdi.
2024-yilning oktyabr oyida Uychi tumani Yangiyer MFY hududida joylashgan dala ekin maydonidan nashasimon o‘simlik bargi va urug‘larini terib, ushbu giyohvand vositalarini keyinchalik sotish va o‘zi iste’mol qilish yo‘lini ko‘zlab, bir qismini dala maydonidagi yong‘oq daraxti tagiga ko‘mib, noqonuniy ravishda saqlab kelgan. U o‘zining jinoiy harakatlarini takroran davom ettirib, 2024-yilning oktyabr oyida nashasimon o‘simlik bargi va urug‘larining bir qismni vaqtincha ijarada yashab kelayotgan Bektemir tumanidagi xonadonida saqlab kelayotgani aniqlangan. 2025-yil 5-yanvar kuni esa qonunga xilof ravishda belgilangan tartibni buzib, Yangiyer MFY hududidagi aylanma yo‘llar orqali qo‘shni Qirg‘iziston Respublikasi Jalolobod viloyati Qiziljar MFY hududiga noqonuniy ravishda o‘tadi va u yerda o‘zining g‘ayriqonuniy rejalarini amalga oshiradi.
Takroran 6-yanvar kuni aylanma yo‘llar orqali Yangiyer MFY hududiga davlat chegaralarini ajratib turuvchi sim to‘siqlarni kesib o‘tayotgan vaqtda harbiy qism chegara soqchilari tomonidan ushlanadi.
Endi A.D. noqonuniy xatti-harakatlari uchun qonun oldida javob beradi.
SH.ORZIG‘OFUROV,
«Yangiqo‘rg‘on» chegara xizmati harbiy xizmatchisi.

