O‘G‘RINING SO‘NGGI BEKATI
Odam gavjum joylar cho‘ntakkesarlar uchun ayni qulay shart-sharoit hisoblanadi. Asli kelib chiqishi Qo‘qon shahridan bo‘lgan A.O‘. keyingi paytlarda Yorqo‘rg‘on hayvon bozoriga tez-tez keladigan bo‘lib qoldi. U hayvon olish niyatida kelgan fuqarolarning kissasini «quritib» ketish rejasini tuzadi. Xususan, uychilik Q.G‘.ning 500 AQSh dollari, yangiqo‘rg‘onlik U.V.ning 28 mln. so‘m, chortoqlik X.O.ning 14 mln. so‘m miqdoridagi pullarini osonlik bilan qo‘lga kiritib, o‘z ehtiyojlari yo‘lida ishlatib yubordi. Uning har galgi o‘g‘riligi nafsini tobora hakalak orttira bordi.
A.O‘.ning jinoyatlari manzilining so‘nggisi ham shu bozor hududi bo‘ldi. Bu gal u namanganlik A.A.ning sumkasida bo‘lgan 40 mln. dan ortiq pullarni yashirin tarzda qo‘lga kiritib, voqea joyidan g‘oyib bo‘lish maqsadida tashqariga chiqadi. Biroq u yerda jinoyatchini huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari kutib oldi. A.O‘.ning ashyoviy dalillar bilan fosh bo‘lgan jinoyatidan tashqari avvalgi barcha o‘g‘riliklari ham bozorda o‘rnatilgan videokameradagi yozuvlar orqali o‘z tasdig‘ini topdi.
Shunday qilib, yana bir jamiyat uchun xavfli bo‘lgan jinoyatning payi qirqildi.
I.RAHIMJONOV,
tuman IIB huzuridagi TB tergovchisi, kapitan.

