VIRTUAL VA KENGAYTIRILGAN REALLIKNING TA’LIM-TARBIYAGA TA’SIRI
Virtual (VR) va kengaytirilgan reallik (AR) texnologiyalari so‘nggi yillarda tez sur’atlarda rivojlanib, ta’lim jarayoniga yangi imkoniyatlar yaratmoqda. Bu texnologiyalar o‘quvchilarni yanada qiziqarli, interaktiv va ta’sirchan o‘quv tajribasi bilan ta’minlaydi. An’anaviy ta’lim usullari ko‘pincha nazariy bilimlarni o‘zlashtirishda cheklangan bo‘lib, amaliyotda qo‘llash imkoniyatlari kam bo‘ladi. VR va AR esa o‘quvchilarni haqiqiy hayotda duch keladigan vaziyatlarga tayyorlash, ularni mustaqil fikrlash va muammolarni hal qilish ko‘nikmalarini rivojlantirish imkonini beradi.
Masalan, VR texnologiyalari yordamida o‘quvchilar kimyo laboratoriyalarida xavfsiz sharoitda tajribalar o‘tkazishi yoki tarixiy voqealarni jonli tarzda boshdan kechirishi mumkin. AR esa o‘quv qo‘llanmalarini vizual materiallar bilan boyitib, mavzuni chuqurroq tushunishga yordam beradi. Shu sababli, ushbu texnologiyalarning ta’limtarbiyaga ta’sirini o‘rganish dolzarb va muhimdir.
Virtual va kengaytirilgan reallik texnologiyalari ta’lim jarayoniga integratsiya qilinib, o‘quvchilarni yanada faol, interaktiv va ko‘rgazmali tarzda o‘qitishga imkon yaratadi. Biroq bu texnologiyalarni qo‘llashda qator muammolar mavjud:
-moliyaviy xarajatlar va texnologik infratuzilmaning yetishmasligi;
-o‘qituvchilarning malakasizligi va tayyorgarligi yetarli emasligi;
-o‘quv dasturlarini moslashtirish va didaktik materiallarni tayyorlash murakkabligi.
Ushbu muammolarni chuqur o‘rganish va tegishli yechimlarni ishlab chiqish zarur. Virtual va kengaytirilgan reallikning o‘quv jarayoniga ijobiy va salbiy ta’sirlarini ko‘rib chiqamiz:
Ijobiy ta’sirlari:
-interaktivlik va qiziqishni oshiradi: VR va AR yordamida o‘quvchilar dars jarayoniga faolroq jalb qilinadilar.
Murakkab mavzularni vizualizatsiya qilish orqali tushunishni osonlashtiradi;
-motivatsiya va faollikni kuchaytiradi: o‘quvchilar texnologik yangiliklar bilan ishlashdan zavqlanadilar va bu ularning bilim olishga bo‘lgan ishtiyoqini oshiradi;
-amaliy tajriba imkoniyatlari: VR yordamida o‘quvchilar xavfsiz muhitda amaliy tajribalarni boshdan kechirishadi, bu esa nazariy bilimlarni mustahkamlashga yordam beradi.
Salbiy ta’sirlari:
-chalg‘ituvchanlik: o‘quvchilar texnologiyaning o‘yin xarakteriga berilib, asosiy o‘quv maqsadlaridan chalg‘ishlari mumkin;
-texnik cheklovlar va xarajatlar: VR va AR uskunalari qimmat va ularni joriy qilish uchun maxsus texnik infratuzilma talab etiladi;
-sog‘liq bilan bog‘liq muammolar: VR qurilmalari uzoq vaqt ishlatilganda ko‘z charchashi, bosh aylanishi yoki boshqa noqulayliklarni keltirib chiqarishi mumkin.
Virtual va kengaytirilgan reallik texnologiyalari ta’lim jarayonini interaktiv va qiziqarli qilishda katta imkoniyatlarni taqdim etadi. Ushbu tadqiqotda VR va AR texnologiyalarining o‘quvchilar motivatsiyasi, bilim olish jarayonidagi faollik va murakkab tushunchalarni osonlashtirishdagi o‘rni o‘rganildi. Olingan natijalar shuni ko‘rsatdiki, VR va AR vositalari ta’lim samaradorligini oshirish bilan birga o‘quvchilarning o‘quv jarayoniga bo‘lgan qiziqishini kuchaytiradi.
Zunnura SODIQJONOVA,
1-sonli politexnikumning informatika fani o‘qituvchisi.

