XOTIN-QIZLARGA KO‘MAKLASHUVCHI MASKAN

Bosh vazir o‘rinbosari Zulayho Mahkamova tumanimizdagi «Oila va xotin-qizlar maskani» faoliyati bilan tanishdi. Ushbu maskan tuman markazida tashkil qilingan bo‘lib, unda kasb-hunarga o‘qitish va tadbirkorlikka ko‘maklashish, fitnes va raqs, IT, psixolog va yurist, bolalar, tibbiyot, oila qurish arafasida turgan yoshlarni turmushga tayyorlash xonalari mavjud.

Zulayho Makamova maskan faoliyati bilan tanishish chog‘ida IT, ingliz, rus tillarini o‘rganayotgan hamda kasb-hunar yo‘nalishida ta’lim olayotgan xotin-qizlar bilan suhbatlashdi. Mahalla xotin-qizlar faollari bilan muloqotda yoshlarni turmushga tayyorlash, oilalar mustahkamligi va xotin-qizlar bandligini ta’minlashda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalarni belgilab berdi. Mazkur maskan tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan, ehtiyojmand, ishsiz, migratsiyadan qaytgan ayollarni ijtimoiy himoyalash, qo‘llab-quvvatlash, sog‘lomlashtirish va jamiyatda o‘z o‘rinlarini topishlariga ko‘maklashuvchi maskanga aylanishi zarurligini ta’kidladi.

Iroda QAHHOROVA,

tuman Kengashi deputati.