YAXSHILIKLAR XAZINASI
Xalqimiz tilida ham kitob o‘qib bilim va munosib ta’lim-tarbiya olish, ilm-fan bilan shug‘ullanish, kasbhunar o‘rganishning ahamiyatiga doir maqollar juda ko‘p. Jumladan, «Kitobsiz aql – qanotsiz qush», «Go‘zallik – ilmu ma’rifat bilan», «Ilm baxt keltirar, bilim taxt keltirar», «Hunar – oqar buloq, ilm – yonar chiroq», «Baxt belgisi – bilim», «Bilim – aql chirog‘i».
Payg‘ambarimiz (SAV)ning hadisi muboraklarida ham: «Beshikdan qabrgacha bilim izla», deya marhamat qilingan va: «Oltin olma, bilim ol, bilim olsang, bilib ol», deyilgan. Bu kabi purma’no va serhikmat naqllar kitob sevuvchi xalqimiz lug‘atida ko‘plab topiladi. Eng asosiysi, necha asrlardan buyon sayqallanib, qanchadan-qancha avlodlarga yo‘lchi yulduzdek to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatib kelayotgan ana shu xalqona hikmatlar negizidagi asl haqiqat shuki, insonning bilimli, tarbiyali, kasb-hunarli va albatta, baxtli hamda davlatli bo‘lishining muhim omili – bu kitobga oshno bo‘lish, hamisha kitob o‘qish va uning mutolaasini umr bo‘yi kanda qilmaslikdir. Ayniqsa, yoshlarning baxtu kamoli, osoyishta va farovon hayotida kitobning alohida o‘rni bor. Chunki yaxshi kitob insonda Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat tuyg‘ularini yuksaltirib, yaxshilik hamda ezgulikka undaydi.
Kitob insonni komillikka yetaklaydi. Hayot qoidalari yashash san’atini o‘rgatadi. Kitob bilim beradi, ilm esa ziyo, nur, ma’naviy quvvat demakdir. Kitob mutolaasi inson tafakkurini oshiradi, hayotga teran ko‘z bilan qaraydi. E’tibor bergan bo‘lsak, so‘nggi vaqtlarda yosh avlod, bolalar internet va turli ijtimoiy tarmoqlarga qiziqib ketib, ko‘p kitob o‘qimay qo‘ygan edi. Bu bilimsizlikdan darak beradi. Bugun vatanimiz jadal rivojlanayotgan bir davrda ajdodlarimiz, donolar fikrida o‘z aksini topgan kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini shakllantirishga bo‘lgan e’tibor davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Maqsad yosh avlodni kitobga qiziqtirish.
Olimxon ISOQOV,
tuman bosh imom xatibi.

