YOSHLAR TA’LIM-TARBIYASI – MUHIM VAZIFA
Barcha dunyoviy va diniy ta’limotlar, tafakkur daholari inson qobiliyati, ruhiyati va axloqini o‘rganish, insonni tarbiyalab, to‘g‘ri yo‘lga boshlash, illatlardan xalos etish uchun asarlar yaratish ishlari bilan shug‘ullanib kelganlar. Lekin har bir davrda insonlarning axloqsiz ishlari, xirs va nafs domiga tushib, o‘zining hayot yo‘llarini xarob etishlari hamisha jamiyatni tashvishga solib kelgan.
Ta’lim-tarbiya inson komilligining asosidir. Hozirgi kunda ta’lim-tarbiya sohasida, milliy axloq-odobni qayta tiklash borasida, urf-odatlar, turli-tuman an’analarni joy-joyiga qo‘yish, qadriyatlarni yanada rivojlantirish xususida e’tiborli bo‘lgan amaliy ishlar bajarilmoqda.
Har bir davrning o‘ziga xos bo‘lgan tarbiyaviy qonuniyatlari hamda talablari bo‘lib kelgan. Ajdodlarimizdan meros qadimiy tarbiya doimo yosh avlodning keksalar tajribasini ong va tafakkurga singdirish bilan bog‘liq bo‘lgan. Ta’kidlash lozimki, tarixiy meroslar, urf-odatlar inson tarbiyasida ahamiyatli hisoblanadi.
Shu nuqtai nazardan ta’lim-tarbiyaning ayrim xususiyatlari insonni sog‘lom va baquvvat, jismonan tetik hamda aqlan yuksak bo‘lishiga katta ahamiyat berilgan. Tarbiya masalasida ko‘proq biz ota va o‘g‘il munosabatlariga e’tibor qaratamiz. Har bir ota o‘z o‘g‘lining kuchli va sog‘lom bo‘lishi uchun o‘zining shaxsiy sifat va fazilatlariga moslab, ibratli tarbiyalashga harakat qiladi. Ota farzand uchun namuna, uning har bir maqsadga erishish uchun qilgan hatti-harakati farzand uchun tarbiya vositasidir. Bola o‘z otasidan o‘rnak olishga harakat qiladi.
Ta’lim-tarbiya odob-axloq, yuksak salohiyat asosida shakllanib boradi. Demak, biz, yoshlar o‘zimizda odob-axloqni shakllantirish, ular asosida ustozlarimiz, ulamolarimiz bergan saboqlar asosida tegishli xulosa hamda ibrat olishimiz va albatta, tubanlikka bormasdan, xirsu havasga berilmasdan, manmanlik, jaholat yo‘llarini sof va xolis bilimlarimiz bilan bartaraf etib, qanoat va shijoat bilan bilim-ma’rifat cho‘qqilarini egallamog’imiz darkor.
Muhayyo ERGASHEVA
1-sonli politexnikumning fizika fani o‘qituvchisi.

