YOSHLIK BESAMAR O‘TMASIN

Yoshlik inson hayotining eng murakkab va ziddiyatli davri bo‘lsa kerak. Bir tarafdan, inson o‘z hayotining bu faslida kuch-quvvatga to‘la, sog‘lom bo‘ladi. Unga butun dunyo eshiklari ochiqdek, istagan narsasini qila oladigandek tuyuladi. Boshqa tarafdan, bu paytda insonning hayotiy tajribasi va u bilan bog‘liq bo‘lgan ehtiyotkorlik, vazminlik, donolik sifatlari bo‘lmaydi. Shuning uchun ham o‘ylamay ish qilib qo‘yishi, yomon ulfatlar orasiga tushib qolishi, nojo‘ya do‘stlaridan ta’sirlanishi oson bo‘ladi.

Kishi yosh, kuchli va sog‘lom bo‘lib turgan paytda qarilik haqida, o‘lim haqida o‘ylashni istamaydi. Biroq o‘lim – bu haqiqat, qanchalab insonlar yosh turib kasallik yoki baxtsiz hodisalardan vafot etadilar. Shunday ekan, xayolingizga bu ishni ertaga, bir haftadan keyin, bir yildan so‘ng, keksayganda qilaman, degan fikr kelsa, mazkur vaqt siz uchun kelmasligi ham mumkinligini o‘ylab ko‘ring.

Afsuski, ko‘pchilik yoshlarning ahmoqona va hatto axloqsiz ishlariga shunchaki do‘stlariga yo‘q

deya olmagani sabab bo‘ladi. O‘g‘rilik, urishish, narkotik moddalar tarqatish sababli qamoqda o‘tirgan yoshlardan nima uchun bunday qilganini so‘rasangiz, ko‘pchiligidan qaysidir do‘sti shunga undaganini eshitasiz.

Agar o‘rtoqlaringiz noto‘g‘ri ishlar bilan shug‘ullanayotganini ko‘rsangizu, ularning chaqiriqlari va mazaxlariga qarshi turish sizga qiyin bo‘lsa, mabodo o‘rtoqlaringiz sizga chekib ko‘rishni, spirtli ichimliklardan tatib ko‘rishni, qizlar bilan tanishishni taklif qilayotgan bo‘lsa, bahslashib o‘tirmay, ularni tark qiling. O‘zingizga yaxshi, solih do‘stlar izlang.

Hozir kuch-quvvatingiz ko‘p, kun tartibingiz betartib bo‘lsa ham, istagan narsangizni yebichsangiz ham, soatlab televizor qarshisida o‘tirsangiz ham, hatto chekib yoki spirtli ichimliklardan ichib ko‘rsangiz ham, hech narsa qilmaydiganday tuyuladi. «Qo‘rqinchli joyi yo‘q, istasam, tashlayman», deb o‘ylashingiz mumkin. Biroq sog‘ligingizga nisbatan bunday munosabatingiz salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Katta qarindoshlaringizdan so‘rab ko‘ring.

Balki ularning orasida ham yoshligida do‘stlaridan ortda qolmaslik uchun chekishni boshlab, hozir afsus qiladiganlari bordir. Biroq inson o‘z xatosini anglab yetganda o‘rgangan odatidan voz kechishi qiyin bo‘lishi mumkin.

Eng qiziqarli va eng foydali narsalar – o‘qish, ish, sayohat, sport, turli mashg‘ulotlar va qiziqishlar – bularning bariga hech qanday cheklov yo‘q. Shuni tushunish lozimki, kishi ma’lum intizom va kerakli me’yorlarga rioya qilmasa, hayotda hech narsaga erisha olmaydi. Mashhur kishilarning hayoti haqida o‘qib ko‘rsangiz, nomdor bo‘lib, muvaffaqiyat qozonishdan avval ularning ko‘p ter to‘kkanlariga, kichik yoshlaridan boshlab vaqtlarini zoye qilmaganlariga guvoh bo‘lasiz. Shu yo‘l bilangina inson vaqt o‘tgach, munosib muvaffaqiyatdan bahra olishi mumkin bo‘ladi. Shunday ekan, keksalik kelmay turib, yoshlik fursatingizdan oqilona foydalanib qoling.

Hanifa IBRAGIMOVA,

1-sonli politexnikum ingliz tili fani o‘qituvchisi.