DAFN PULINI OLISH UCHUN…

2024-yil 4-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Respublikasi hukumatining ayrim qarorlariga ba’zi ijtimoiy nafaqalarni to‘lash tartibini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi 110-sonli qarori qabul qilindi.

Qarorga asosan, shaxsning biologik o‘lim holati belgilangan tartibda (patologo anatomik, sud-tibbiy ekspertiza va boshqalar) tasdiqlanganidan so‘ng tibbiyot muassasasi xodimi bir soat ichida o‘lim haqidagi electron tibbiy ma’lumotnomani shakllantirish uchun vafot etgan shaxs haqidagi ma’lumotlarni so‘rovnoma shaklida avtomatlashtirilgan axborot tizimiga kiritadi va avtomatik ravishda o‘lim haqida dalolatnoma yozuvini qayd qilish uchun tibbiyot muassasasi joylashgan hududdagi FHDYO bo‘limiga yuboradi. Bunda vafot etgan shaxsga tegishli ma’lumotlar uning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari asosida kiritiladi.

O‘lim haqidagi tibbiy ma’lumotnoma avtomatik ravishda «FHDYOning yagona elektron arxivi» axborot tizimiga yuboriladi.

O‘lim haqidagi tibbiy ma’lumotnoma ariza beruvchilarning talabiga asosan ularga QR-kod (matrik shtrixli kod) qo‘yilgan holda berilishi va ular to‘g‘ridan-to‘g‘ri FHDYO bo‘limiga murojaat qilishi ham mumkin.

Vafot etgan shaxsning yaqin qarindoshlari va merosxo‘rlarining (ular bo‘lmaganda, dafn etish

majburiyatini o‘z zimmasiga olgan boshqa shaxslarning) istalgan vaqtdagi talabiga asosan ularga o‘lim haqidagi gerbli guvohnomani eksterritorial tamoyil asosida rasmiylashtirib beradi yoki pochta aloqasi orqali arizada ko‘rsatilgan manzilga yuboradi.

Ariza beruvchilar FHDYO bo‘limi tomonidan o‘lim haqidagi gerbli guvohnoma va shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarini ko‘rsatgan holda, o‘lim holati qayd qilingandan boshlab 60 kun ichida dafn etish uchun nafaqa pulini olish maqsadida tijorat bankining istalgan filialiga murojaat qilishi mumkin. Dafn etish uchun nafaqa FHDYO bo‘limi tomonidan o‘lim haqidagi gerbli guvohnoma berilgan jismoniy shaxslarga to‘lanadi.

Dafn etish uchun nafaqa qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda ishonchnoma orqali to‘lanishi mumkin.

ZulayxoATAXANOVA,

Yangi Namangan tumani FHDYO bo‘limi mudiri.