FIRMA NOMLARINI BERISH VA ULARDAN FOYDALANISH TARTIBLARI YANADA TAKOMILLASHTIRILDI

Mamlakatimiz rahbarining «O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan to‘rtinchi ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 2024-yil 30-avgustdagi PF-132-sonli Farmoni ijrosini ta’minlash, shuningdek, firma nomlarini band qilish va ulardan foydalanish tartiblarini takomillashtirish, bu borada qonunchilik hujjatlaridagi huquqiy bo‘shliqlarni bartaraf etish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 6-fevralfagi 65-sonli qarori e’lon qilindi.

Ushbu qarorga muvofiq davlatning rasmiy va qisqartirilgan nomini firma nomiga kiritish to‘g‘risida ariza berish, davlatning rasmiy va qisqartirilgan nomini firma nomiga kiritish to‘g‘risidagi arizalarni ko‘rib chiqish, firma nomlarini band qilish uchun buyurtma berish, firma nomlarini band qilish uchun buyurtmalarni ko‘rib chiqish tartiblari belgilandi.

Mazkur qarorga asosan davlatning nomi quyidagi yuridik shaxslarga berilishi belgilandi:

O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlariga muvofiq tashkil etiladigan yoki faoliyati tashkil etiladigan yuridik shaxslar, agar ularning nomlari tegishli hujjatlarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri nazarda tutilgan bo‘lsa;

-davlat organlari va tashkilotlari tomonidan tashkil etiladigan davlat muassasalari;

-ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foizdan ortiq bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlari;

-respublika ahamiyatiga ega bo‘lgan yuridik shaxslar birlashmalari;

-respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, xo‘jalik birlashmalarining O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga taqdim etilgan murojaatlari asosida xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar.

Ushbu qaror talablari tijorat banklari va kredit byurolari, xorijiy tijorat tashkilotlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Ushbu qaror bilan belgilangan Davlat xizmati Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari tomonidan tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va hisobga qo‘yishning avtomatlashtirilgan tizimi orqali ko‘rsatiladi.

Muhammadali SHOQALAMOV,

tuman adliya bo‘limi davlat xizmatlari markazi bosh mutaxassisi.