QURAYOTGAN IMORATINGIZ XAVFSIZMI?
Shahrimizda qurilayotgan va qayta ta’mirlanayotgan qurilish binolarida xavfsizlik va yong‘in xavfsizligini ta’minlash maqsadida inspektorlar tomonidan targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilmoqda. Albatta, bejiz aytishmagan: «Yong‘inni o‘chirishdan ko‘ra uning oldini olgan afzal», deb. Shu maqsadda qurilish binolarida ish olib borayotgan barcha ishchixodimlar bilan yong‘in xavfsizligi bo‘yicha yo‘riqnomalar o‘tkazilmoqda.
Sodir bo‘layotgan yong‘inlarning asosiy sabablari:
-elektr uskunalarining nosozligi, ya’ni elektr hisoblagichlarda qo‘lbola saqlagichlarning qo‘llanilishi, vaqtinchalik simlarning bir-biriga bog‘lab ulanishi;
-bolalarning olov bilan o‘ynashishi;
-elektr va gaz payvandlash vaqtida yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya qilmaslik;
-nostandart elektr isitish moslamalaridan foydalanish;
-spirtli ichimlik ichgan holda chekish vaqtidagi ehtiyotsizlik va hokazo.
Sodir bo‘layotgan yong‘inlarning katta maydonga tarqalib ketishiga xususiy uylarning qurilishida yong‘inga qarshi oraliq masofalarni saqlamaslik, tomlardagi yog‘och panjaralarga yong‘inga qarshi maxsus suyuqlik bilan ishlov berilmasligi, uylar orasidagi yong‘inga qarshi devorlar qurilmasligi sabab bo‘lmoqda.
Aziz hamyurtlar, qurilish ishlarini olib borish va binodan foydalanish davrida oddiy yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya etish kabi tadbirlar orqali imoratlarimizni yong‘indan saqlagan bo‘lamiz.
Xayrullo MAVLONOV,
tuman FVB boshlig‘i o‘rinbosari, mayor.

