UYCHIDA XITOY TEXNOLOGIYASI ASOSIDA CHIGIT EKISHGA KIRISHILDI
«Ergashboy ota» fermer xo‘jaligi dala maydonida «Xitoy texnologiyasi asosida chigit ekishning afzalliklari» mavzusida amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.
Qishloq xo‘jaligi sohasi, xususan, paxtachilikda ilmga asoslanish, zamonaviy agrotexnologiyalarni qo‘llash, xarajatni minimallashtirish va daromadni ko‘paytirish bugungi kunning muhim talabi. Shu nuqtai nazardan joriy yildan boshlab Uychi tumanida 2047 gektar maydonda tajriba tariqasida Xitoy texnologiyasi asosida plyonka ostiga chigit ekilishi rejalashtirilgan.
Buning o‘ziga xosligi shundaki, chigit ekish, plyonka to‘shash va tomchilatib sug‘orish uchun shlang yotqizish ishlari zamonaviy texnika yordamida bir vaqtning o‘zida amalga oshiriladi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bu fermerlar uchun vaqt va mablag‘ni tejash imkonini beradi.
Chigit urug‘i 5-6 kundan so‘ng, an’anaviy usullardan foydalanish bilan taqqoslaganda taxminan besh kun oldin unib chiqadi. Hosildorlik 50 sentnerdan ortadi.
Seminar davomida mutaxassislar tomonidan Xitoy texnologiyasini qo‘llashning afzalliklari haqida batafsil ma’lumot va ilmiy asoslangan tavsiyalar berildi. Qatnashchilar ekish jarayonlarini ham kuzatib borishdi.
Seminarda Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov ishtirok etdi hamda mo‘l, ertagi va sifatli hosil yetishtirish uchun shu kunlarda chigit ekishga kirishish va buning uchun barcha chora-tadbirlarni ko‘rish zarurligini ta’kidladi.

