DEPUTATNING BIR KUNI

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tomonidan xalq deputatlari Uychi tuman Kengashi Namangan viloyati bo‘yicha namunali Kengash sifatida tanlab olingan. Ochiqlik siyosatini ta’minlash, deputatlarning faoliyatini keng targ‘ib qilish maqsadida xalq deputatlari tuman Kengashi hamda tuman hokimligi axborot xizmati hamkorligida media reja ishlab chiqildi. O‘tgan davrda matbuot anjumani, 2 marta brifing tashkil etildi. Tuman «Uychinoma» gazetasi orqali deputatlarning faoliyati yoritib borilmoqda.

Yangi ish o‘rinlari yaratish, tadbirkorlikni rivojlantirish, xonadon tomorqasidan samarali foydalanish, fuqarolar murojaati, oila-mahalla-maktab hamkorligida deputatning o‘rnini yuksaltirish maqsadida «Deputatning bir kuni» mavzusida press-tur uyushtirildi.
Dastlab xalq deputatlari tuman Kengashi kotibiyatida matbuot anjumani o‘tkazildi. Uni tuman hokimligi axborot xizmati rahbari Muhammadali Qambarov ochdi va press-turdan ko‘zlangan maqsad haqida qisqacha to‘xtalib o‘tdi.
Press-tur ishtirokchilari 5-Cho‘rtuk saylov okrugidan xalq deputatlari Uychi tuman Kengashi deputati Anvarjon Tojiboyev faoliyati bilan tanishdilar. Cho‘rtuk mahallasida 6308 nafar fuqaro istiqomat qiladi.
Deputat A.Tojiboyev tomonidan haftaning har payshanba kunida sayyor qabul tashkil qilingan.
O‘tgan davrda 30 ga yaqin murojaat kelib tushdi. Moddiy yordamga muhtoj fuqarolardan 10 nafari tuman «Inson» ijtimoiy xizmatlar markaziga yo‘naltirilib, ularga bir martalik moddiy yordam ko‘rsatildi. 5 nafar fuqaroning murojaati tuman tibbiyot birlashmasiga yo‘naltirilib, davolanishiga yordamlashildi. Bir nafar fuqaroning bank bilan muammoli murojaati hal qilindi.
Deputat A.Tojiboyev o‘zi rahbarligidagi «Ikromboy ota hosili» fermer xo‘jaligining 12 sotix yer maydonida 12×100 hajmda issiqxona tashkil qilganiga sakkiz yil bo‘ldi. Dastlab bu yerda pomidor, rediska, sarimsoqpiyoz, bodring yetishtirilgan. 2024-yildan gulchilik yo‘lga qo‘yildi. Hozirda bu yerda besh xil turdagi gullar, ikki xil yangi navdagi gul ko‘chati yetishtirilmoqda. Bir yilda 150 million so‘mdan ortiq daromad olinmoqda. Doimiy 5 ta, mavsumda 20 dan ortiq ish o‘rni yaratilgan. 50 ming tupdan ortiq gul ko‘chati eksport qilinadi. Qirg‘iziston, Tojikiston Respublikalari, poytaxtimizdagi «Yangi O‘zbekiston» bog‘iga gul ko‘chatlari yetkazib berilmoqda. Xo‘jalikda 15 bosh qoramol, 8 ta qutida asalari parvarishlanmoqda.
22-Keskanyor saylov okrugidan xalq deputatlari tuman Kengashi deputati Nodiraxon Mamadaliyeva Qashqar, Dehqonobod, Keskanyor MFYlarida yashovchi 10568 nafar aholi roziligi yo‘lida faoliyat olib bormoqda. U haftaning shanba kunida sayyor qabul tashkil etgan. Keskanyor mahalla fuqarolar yig‘ini yettiligi bilan hamkorlikda namunali ishlar olib bormoqda. Jumladan, «Kambag‘allikdan farovonlik sari» dasturi asosida xonadon tomorqasidan samarali foydalanish bo‘yicha Keskanyor mahallasida yashovchi Abdulvohid Otamirzayev hamda Qashqar mahallasida yashovchi Qodirjon Sotiboldiyevlarning daromad manbai bo‘lgan issiqxonalardan foydalanish tajribasi o‘rgatildi.
«Nuroniylar va yoshlar: hamjihatlikda yuksak marralar sari» mavzusida Dehqonobod MFY hududidagi 32-maktabda Prezidentimizning 2025-yil 3-yanvardagi «2025-yilda Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PQ-1-sonli Qarori ijrosi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishildi. Xususan, o‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish maqsadida tashkil qilingan fan hamda kasb-hunarga yo‘naltirilgan to‘garaklar faoliyati ko‘rsatildi. Nuroniylar va yoshlar uchrashuvida keksalarning boy hayotiy tajribalari, ta’lim-tarbiya haqida so‘z bordi. Tomorqadan unumli foydalanayotgan hamda deputat bilan samarali faoliyat olib borayotgan hamkorlarga xalq deputatlari tuman Kengashi hamda O‘zLiDeP tuman kengashining «Tashakkurnoma»lari va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Press-turda xalq deputatlari viloyat Kengashi kotibiyati mudiri Tal’atjon Gapparov, xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati, «Nuroniy» jamg‘armasi tuman bo‘limi raisi Tohirjon Ismatillayev, viloyat, tuman Kengashlari deputatlari, xalq deputatlari tuman, shahar Kengashlari kotibiyat mudirlari, siyosiy partiyalar, OAV, blogerlar vakillari qatnashdilar.
Nargiza DEDAXANOVA,
xalq deputatlari tuman Kengashi kotibiyati mudiri, tuman Kengashi deputati.