LEYSHMANIOZ KASALLIGI

Leyshmanioz – surunkali oqimda o‘tadigan antropozoonoz, transmissiv kasallik bo‘lib, teri, shilliq pardalar, ichki
organlarning yallig‘lanishi bilan xarakterlanadi. Kasallik infeksiyani tarqatuvchi moskitlar (iskabtoparlar) bor mamlakatlarda uchraydi. Kasallikning tashqi (teri) formasi va ichki (vistseral) formasi bo‘ladi.
Veterinar ko‘rigidan o‘tmagan daydi itlar, barcha turdagi kemiruvchilar va yovvoyi hayvonlar ushbu kasalliklar manbalari hisoblanadi. Kasallikni olib o‘tuvchi moskitlar (iskabtoparlar) qum va uy kalamushlari, sichqon, tipratikan, toshbaqa, jayra, tulki, qashqir, bo‘ri inlarida ko‘payadi. Aholi yashash joylarida chiqindi qutilari, tabiiy o‘g‘it (go‘ng) to‘plami, harobalarda uchraydi. Kemiruvchilar va yovvoyi hayvonlar inlarida egalari qonini so‘rib, oziqlanadi, shu yerda tuxum qo‘yadi.

Agar ushbu hayvonlar leyshmaniozlar bilan kasallangan bo‘lsa, ularning qoni bilan leyshmaniyalar iskabtopar tanasiga o‘tadi. Iskabtoparlar chaqqanda, leyshmaniyalar odamga o‘tadi. Leyshmaniozning ikkala turi bilan ham zararlanish  mumkin.
Leyshmaniyalar odam va boshqa issiq qonlilarning organizmiga kirib, jigar, taloq, ilik, qon tomir va limfatik sistemalarida ko‘payadi. Tabiiy holda leyshmanioz bilan asosan insonlar va itlar, mushuklar, yovvoyi kemiruvchilar kasallanadi. Tabiatda yovvoyi kemiruvchilar kasallik qo‘zg‘atuvchilarini tashuvchilar bo‘lib hisoblanadi. Kasallikning oldini olish va unga qarshi kurashish tadbirlari veterinariya va tibbiyot xodimlari tomonidan obodonlashtirish boshqarmalari bilan
birgalikda amalga oshirilishi lozim. Eng zarur tadbirlardan biri – aholi yashash joylarida sanitariya talablariga qat’iy rioya qilish, chiqindilar yig‘ilib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik zarur.

Saboxon ORTIQOVA,
tuman SEO va JSB parazitologiya bo‘limi mudiri, oliy toifali vrach,
A’zamjon YULDASHEV,
vrach yordamchisi.