TO‘Y ORTIDAGI MASHMASHALAR

Yurtimizda «To‘y qilsam, elga osh bersam», deya tilak qilmaydigan odamning o‘zi topilmaydi, ammo biz ushbu marosimlarni o‘tkazishda me’yorlarni belgilay olmayapmiz. Bizni kemiruvchi illatlardan voz kecha olmayapmiz.
So‘nggi yillarda hukumatimiz tomonidan to‘y-hashamlarni tartibga solish bo‘yicha qat’iy qarorlar qabul qilingani va jamoatchilik nazoratini kuchaytirilganiga qaramay, to‘y va boshqa marosimlarda me’yoridan ortiq dabdaba, isrofgarchilikka yo‘l qo‘yish kabi holatlar davom etayotgani og‘riqli muammolardan biri bo‘lib qolmoqda.
Kunda-kunora ko‘cha-ko‘yda uzundan-uzun to‘y kortejlariga ko‘zingiz tushadi, ijtimoiy tarmoqlarga dabdabali to‘ylardan lavhalar joylashtirilmoqda. Achinarlisi, shuhratparastlik, dabdababozlik, isrofgarchilik oqibatida ijtimoiyma’naviy
muhit barqarorligiga putur yetgan holda ajrimlar yuzaga kelmoqda.
Keyingi paytda pul sochish, hashamatga burkanishga intilish kabi bachkana qiliqlar va illatlar to‘yma’rakalarda
kuzatilyapti.
To‘ydagi ortiqcha xarajatlar, yevropacha urflar, isrofgarchiliklar ortidan qarzga botgan yurtdoshlarimiz soni ortmoqda. Yokida oddiy qiz uzatishning hashamati, xarajati uchun musofirchilikda umrini o‘tkazayotgan vatandoshlarimizchi? Tafakkur qilib, adabiyotga yuzlansak, bu muammolar va illatlar bizning qon-qonimizga singib ketgan aslida. Masalan, 150 yil avval yashab o‘tgan ma’rifatparvar bobomiz Mahmudxo‘ja Bexbudiyning «To‘y va ta’ziyaga sarf qilinaturg‘on
oqchalarimizni biz, turoniylar, ilm va din yo‘lig‘a sarf etsak, anqarib ovrupoyilardek taraqqiy etarmiz…» degan fikri hamon o‘z dolzarbligini yo‘qotmagan.
Bu muammolar esa jamiyatimizda ilmma’rifat rivojlansagina barham topadi. Sizu biz bugun kapitalimizni ilmga, ta’limga yo‘naltirishimiz vaqti keldi. Shuni anglashimiz kerakki, oila qurish faqat dabdabali to‘y o‘tkazishdan iborat emas, oila baxtini to‘yning shuhrati emas, balki to‘ydan keyingi hayot belgilaydi.
Dilmurod ABDIQAXAROV,
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tuman bo‘linmasi bosh mutaxassisi.