DEPUTAT MAHALLADA
23-Ezgulik saylov okrugidan xalq deputatlari tuman Kengashi deputati Mohira Xolmirzayevaning «mahalla yettiligi» bilan amalga oshirayotgan faoliyati o‘rganildi.
Deputatning sayyor qabuli, mahallada ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlash-tirish, xotin-qizlar bandligi, «Ayollar daftari» ijrosini ta’minlash, tomorqadan samarali foydalanish, ipak qurti parvarishi, «Kambag‘allikdan farovonlik sari» dasturi asosida amalga oshirilayotgan ishlar, ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash, xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning oldini olish asosiy e’tibordagi masala bo‘ldi.
Viloyat Kengashi deputati, «Nuroniy» jamg’armasi tuman bo’limi boshlig’i T.Ismatillayev, O‘zXDP tuman kengashi raisi G‘.Jo‘rayev, tuman «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazi direktori T.Boymirzayev, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tuman bo‘linmasi bosh mutaxassisi D.Abdiqaxxarovlar deputat faoliyati bilan tanishib, o‘z takliflarni bildirdilar. Xizirobod OShP tomonidan sog‘lom turmush tarzi keng targ’ib qilindi, tuman AKM kutubxonachilari barchani kitobxonlikka chorlashdi.
Milliy qadriyatlarimizga hurmat, urf-odatlar, mehr-oqibat tushunchalari kayvoni onaxonlar o‘gitlari bilan namoyon etildi. Tomorqadan unumli foydalanayotgan namunali xonadon sohiblari hamda faol nuroniylarga tashakkurnoma, esdalik sovg‘alari topshirildi. Aholida mehnatsevarlik tuyg‘usini kuchaytirish bo‘yicha «Ishonch» loyihasi doirasida «Kambag‘allikdan farovonlikka erishgan eng namunali oila» tanlovi g‘oliblari rag‘batlantirildi.
Nargiza DEDAXANOVA,
xalq deputatlari tuman Kengashi kotibiyati mudiri.

