ODAM SAVDOSI – ASR BALOSI

XX asr oxirlarida kelib odam savdosi butun insoniyatga qarshi asosiy tahdidlardan biri bo‘lib qoldi. Odamdan ekspluatatsiya maqsadlarida foydalanish bilan bog‘liq jinoyatlar oshib borishi tendensiyasi bunday ijtimoiy xavfli qilmishlar oxir-oqibatda jamiyatning demokratik negizlariga tajovuz qilishi bilan milliy xavfsizlikka ham tahdid soladi. O‘zbekiston Respublikasida eng oliy qadriyat inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa tabiiy huquqlari bo‘lib, ularni ta’minlash Konstitutsiya bilan kafolatlanadi. Odam savdosi deganda, odamni olish, sotish yoki odamni ekspluatatsiya qilish maqsadida yollash, tashish, topshirish yoki qabul qilish tushuniladi.

Odam savdosiga qarshi kurashishda aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida ushbu illatning xavfi va oqibatlari haqida tushuntirish olib borish, fuqarolarni bu borada vaziyatdan ogoh etish hamda xabardorligini ta’minlash muhim ahamiyat kasb etadi. O‘zbekiston Respublikasida olib borilayotgan barcha islohotlardan ko‘zlangan asosiy maqsad – inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlarini oliy qadriyat sifatida e’zozlashdir. Shunday ekan, transmilliy xususiyat kasb etgan, ya’ni hudud va chegara tanlamas jirkanch illat – odam savdosiga qarshi keskin kurash olib borish barchamizning muhim vazifamizdir.

B.OBIDOV,

jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudining raisi,

M.MIRZAAHMEDOV,

devonxona mudiri.