AHOLI ROZILIGI YO‘LIDA
Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov rahbarligidagi ishchi guruhi tumanimizda qishloq xo‘jaligi, ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda amalgam oshirilayotgan ishlarni o‘rgandi.
Dastlab «Ko‘rkam nur saxovati», «Shodiyabonu nur fayz» fermer xo‘jaliklarida xorij texnologiyasi asosida parvarishlanayotgan g‘o‘za holati ko‘zdan kechirilib, mutaxassislar tomonidan tegishli tavsiyalar berildi.
Tumanda joriy mavsumda 4130 gektarda g‘o‘za parvarishlanmoqda. Shuningdek, 6385 gektarda g‘alla yetishtirildi. O‘rim-yig‘imni uyushqoqlik bilan o‘tkazish uchun 24 ta otryad tashkil etilgan.
Viloyat hokimi o‘rganishlar jarayonida G‘ayrat MFY yettiligi va aholi vakillari bilan uchrashdi. Muloqotda mahalla infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha taklif hamda muammolar tinglandi. Toza ichimlik suvi, elektr energiyasi hamda suyultirilgan gaz ta’minoti bilan qiziqiladi, tomorqadan foydalanish, ekinlarni sug‘orishda muammolar bor-yo‘qligi so‘raldi. «Dolzarb 90 kun» tadbirlarini yuqori saviyada tashkil etish, migratsiyadagi kam daromadli yurtdoshlarimizni qaytarish bo‘yicha mahalla mutasaddilariga ko‘rsatmalar berildi.
5-maktabda 1211 nafar o‘quvchi o‘qiydi. Yozgi ta’til davomida ham ularning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish maqsadida «Dolzarb 90 kun» tadbirlari uyushqoqlikda tashkil qilinmoqda. 42 ta fan, 5 ta sport, 2 ta ijodiy to‘garaklarga besh yuzdan ortiq o‘quvchi jalb qilingan.
Viloyat hokimi maktab kutubxonasi, ingliz tili, tikuvchilik, sport to‘garaklaridagi mashg‘ulot jarayonlari bilan tanishib, bolalar bilan suhbatlashdi, yoshlarga sport bilan shug‘ullanishning ahamiyati haqida gapirib, kelgusida yuksak marralarni zabt etishlarini tiladi.
35-oilaviy poliklinikasi Qashqar, Keskanyor, Dehqonobod mahallalarida yashovchi 12344 nafar aholiga xizmat ko‘rsatadi. Hozirda shifo maskanida 6 ta tibbiy brigada, 6 nafar oila shifokori, 36 nafar o‘rta tibbiyot xodimi faoliyat olib bormoqda. Viloyat rahbari mazkur poliklinikada aholi va tibbiy ko‘rikdan o‘tayotgan nuroniylar vakillari bilan suhbatlashdi, ularning taklif va muammolarini tingladi.
Dehqonobod MFY hududidagi «Dehqonobod» ko‘chasida chet el investitsiyasi doirasida Jahon banki tomonidan ajratilgan 853 million so‘m mablag‘ evaziga 666 metr ariqqa lotok qo‘yish orqali suv tejamkorligini ta’minlash va 40 ta xonadonda suv tizimini yaxshilash imkoni yaratiladi.
Viloyat hokimi Sh.Abdurazzoqov mazkur mahallada bo‘lib, amalgam oshirilayotgan loyiha bilan tanishdi va aholi murojaatlarini tingladi.
Dehqonobodliklar muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari va e’tiborlari bilan uzoq yillik muammoga yechim topilgani uchun minnatdorlik bildirdilar.
«Rovot fayz baraka» fermer xo‘jaligining 40 gektar maydondagi g‘allazorida o‘rim avj pallada. 75-80 sentnerdan hosil ko‘tarilmoqda. Kuniga yuz tonnadan ortiq g‘allani o‘rib-yig‘ib olayotgan 17-otryad rahbari Qahramon Mahmudjonov
hamda 19 yoshli kombayn operatori Jasurbek Yunusxonovga qimmatbaho esdalik sovg‘alari topshirildi.

