ELEKTRON TIZIMLAR VA RAQAMLASHTIRISH orqali hujjatlar rasmiylashtirishning afzalliklari
Bugungi kunda jamiyatning barcha sohalarida raqamli texnologiyalar jadal sur’atlar bilan joriy etilmoqda. Ayniqsa, hujjatlar aylanishi va rasmiylashtirish jarayonlarida elektron tizimlardan foydalanishda sezilarli darajada qulayliklar yaratilmoqda.
Elektron tizimlar foydalanuvchi ma’lumotlarni avtomatik tarzda tekshiradi, muvofiqlik nazorati o‘rnatiladi. Bu esa inson tomonidan yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan xatoliklarning oldini oladi.
Shuningdek, tayyor andozalar va avtomatik to‘ldirish funksiyasi foydalanuvchilarni noto‘g‘ri rasmiylashtirishdan asraydi.
Elektron hujjatlar aylanishi orqali tashkilotlar o‘z faoliyatini shaffof olib borish imkoniga ega bo‘ladi. Har bir hujjat kim tomonidan va qachon rasmiylashtirilgani, qayerda to‘xtab qolganini kuzatish mumkin. Bu esa korrupsion holatlarning oldini olishga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, raqamli hujjatlar markazlashgan serverlarda saqlanadi. Bu ularning yo‘qolib qolish, eskirish yoki shikastlanish xavfini kamaytiradi. Elektron arxivlar orqali kerakli hujjatni bir necha soniya ichida topish mumkin, shuningdek, maxfiylik darajasiga ko‘ra hujjatlarga kirish huquqqlari ham aniq belgilanadi. Eng asosiysi, masofadan turib ham ishlash imkoniyati mavjud. Bu ayniqsa, pandemiya yoki favqulodda vaziyatlarda muhim omil bo‘ldi. Masofaviy ishlashda ish uzluksiz davom etadi, vaqt va transport xarajatlari tejab qolinadi.
Elektron tizimlar va raqamlashtirish bu zamonaviy jamiyatning ajralmas qismiga aylangan texnologik yechimdir. U nafaqat hujjatlar rasmiylashtirish jarayonlarini soddalashtiradi, balki samaradorllik va shaffoflikni ta’minlaydi. Kelajakda bu texnologiyalar yanada rivojlanib, davlat boshqaruvining barcha sohalarida keng qo‘llanilishi shubhasizdir.
Birgina FHDY sohasida elektron tizim orqali bir necha xizmatlardan masofadan turib foydalanish mumkin.
Masalan, nikohni qayd etish uchun onlayn ariza yuborish…
Agar siz nikohni rasmiylashtirmoqchi bo‘lsangiz, Yagona interaktiv xizmatlari (YIDXP) orqali onlayn ariza yuborishingiz mumkin.
Nikoh qayd etilganligi yoki ajralganligi to‘g‘risida ma’lumotnomani olish…
Bu ma’lumotnomani olish uchun YIDXPda ro‘yxatdan o‘tib, so‘rov yuborishingiz mumkin va 3 ish kunida sizga QR-kodli elektron ma’lumotnoma yuboriladi.
FHDY rahbariyati qabuliga yozilish – bunda siz FHDY rahbari bilan bevosita uchrashishni xohlasangiz YIDXP orqali qabuliga yozilishingiz mumkin.
Takroriy yoki birlamchi tug‘ilganlik haqida guvohnomani olish – ariza berilgandan so‘ng FHDY organi 2 ish kunida guvohnomani tayyorlab, pochtaga yuboradi. Pochta xizmati esa sizning manzilingizga yetkazib beradi.
Nozima KARIMOVA,
tuman FHDY bo‘limining 2-toifali inspektori.

